Kelajak oldidagi masʼuliyati

    Shu kunlarda yurtimizda muhim siyosiy tadbir – Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni ham qizgʻin pallaga kirdi.

    Aytish joizki, Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi pakti asosida ishlab chiqilgan bir nechta xalqaro hujjatlar asosida tashkil etiladi. Bu hujjatlar umumlashtirilib Xalqaro saylov standartlari deb atalishi va unda belgilangan qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, xususan, Saylov kodeksiga implementatsiya qilingani mamlakatimiz saylov qonunchiligi barcha demokratik tamoyillarga mos kelishining yaqqol dalilidir.

    Umumiylik, tenglik, toʻgʻridan-toʻgʻri va yashirinlik tamoyillariga qay darajada amal qilinayotgani saylovni kuzatish boʻyicha qabul qilingan hujjatlarda oʻz aksini topgan. Saylov jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligi esa saylovchilarning toʻgʻri tanlovi amalga oshishida muhim rol oʻynaydi.

    Ayni paytda saylov kampaniyasining muhim bosqichlari boshlanmoqda. Bu, birinchi navbatda, saylov huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining saylovchilar roʻyxatiga kiritilgani hamda nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayonlari bilan ahamiyatlidir. Saylov uchastkalari saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida har tomonlama shinam va koʻrkam binolarga joylashtirildi. Bunda keyingi yillarda bunyod etilgan yangi bino va inshootlar uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilgani eʼtiborga molik.

    Shuningdek, saylovchilar roʻyxati yagona elektron roʻyxatdan saylov uchastkalariga bosqichma-bosqich taqsimlanmoqda. Eng muhimi, bir saylovchi faqat bitta roʻyxatda boʻladi. Bu, albatta, tenglikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, xizmat, taʼtil yoki oʻqish sababli boshqa hududda vaqtincha istiqomat qilayotgan saylovchilarni shu hududdagi saylovchilar roʻyxatiga kiritish ishlari okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan nazorat qilib boriladi.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va veb-saytdan foydalanish qoidalari bugungi zamonaviy ish yuritish uslublari asosida amaliyotga kiritilgan.

    Saylovoldi tashviqoti davomida saylovchilarga nomzodning saylovoldi dasturini tanishtirishning eng qulay usullaridan foydalanishga sharoitlar yaratilgan. Saylovchi xohlasa televideniye yoki radio orqali, xohlasa targʻibot materiallari, bannerlar va elektron tablolar orqali, bevosita nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan uchrashuv orqali nomzodlar haqida oʻzini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin boʻladi. Bularning barchasi saylovchilarning saylov huquqini taʼminlashga qaratilgan.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Saylov- 2021”mobil ilovasi esa saylov qonunchiligi hamda saylov kampaniyasi tadbirlari haqida axborotlar bilan toʻldirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, saylovchi saylov haqida maʼlumot olishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.

    Boʻlajak saylovning ahamiyati va undagi jarayonlar haqida matbuot orqali uzluksiz axborot berib borilmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazish qizgʻin borayotganini alohida qayd etish joiz. Hozirgacha OAVning 907 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Bu, birinchi navbatda, saylov jarayonining oshkoraligi va transparentligini taʼminlashda muhim. Zero, saylov kampaniyasida ommaviy axborot vositalari tezkor, hozirjavob va haqqoniy kuzatuvchi sifatida namoyon boʻladi.

    Saylovning natijasi, albatta, saylovchining elektoral madaniyati bilan chambarchars bogʻliq. Bu har bir saylovchining oʻzining saylov uchastkasida shaxsan ovoz berishda ishtirok etishi bilan baholanadi. Saylovchining saylovda ishtiroki ixtiyoriy. Yashirin ovoz berishda saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish qonunga xilof sanaladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea boʻlgan Prezident saylovini xalqaro standartlar va umuminsoniy tamoyillar asosida oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Ishonchimiz komilki, xalqimiz bahamjihat boʻlib saylovni yuksak saviyada tashkil etish va oʻtkazishga oʻz hissasini qoʻshadi. Bu siyosiy tadbir xalqimizning jipsligi, Vatan taqdiriga daxldorligi, kelajak oldidagi masʼuliyati, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda sobitqadamligining yaqqol koʻzgusiga aylanadi.

    Bahodir YUNUSOV,

    Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi