Fransiyalik jurnalist Didye Labuşning Özbekistonning Parijdagi elçixonasi minbarida aytgan bu sözlari safarimizga öziga xos yakun yasadi. Ammo bu samimiy eʼtirofgaça bölgan yölda biz Fransiya va Avstriyaning media muhiti, jurnalistika taʼlimi, axborot agentliklari hamda gazeta tarqatiş tizimi bilan tanişdik. Kördik, tingladik, taqqosladik. Ayrim tajribalarga havas qildik, baʼzilari haqida esa jiddiy öylanib qoldik.

Safarimizga “Oltin qalam” milliy mukofoti sabab böldi. Mana yigirma yildirki, uşbu mukofot mamlakatimizda jurnalistik mehnatga beriladigan eng nufuzli eʼtiroflardan biri bölib kelmoqda. Har yili Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida yil davomida yaratilgan eng munosib ijodiy işlar saralanadi, mualliflar taqdirlanadi. Sönggi yillarda mukofot miqdori bilan bir qatorda nufuzi ham oşdi.

Qolaversa, milliy mukofot xorijda ijod qilayotgan hamkasblarimiz eʼtiboriga tuşdi. Çunki Özbekiston haqida çet el naşrlari, tele va radiokanallarida eʼlon qilinayotgan xolis, tahliliy va salmoqli materiallar mualliflari ham tanlov hayʼati eʼtiborida bölib kelmoqda.

2026-yilda “Özbekiston haqida xorijiy OAVda yoritilgan eng yaxşi material uçun” nominatsiyasida taqdirlangan jurnalistlardan biri Fransiyadagi “Georama” naşriyoti asosçisi Didye Labuş böldi. Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi delegatsiyasi mukofotni öz egasiga topşiriş, şu bahona fransuz va avstriyalik media vakillari bilan muloqot qiliş hamda kelgusi ijodiy hamkorlik uçun aloqalar örnatiş maqsadida Fransiya va Avstriyada böldi. Birinçi manzilimiz Parij edi.

Bizni maftun etgan Luvr

Fransiya — Yevropaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida öz örniga ega davlat. U Yevropa Ittifoqi va NATOning yetakçi ­aʼzolaridan biri, BMT Xavfsizlik kengaşining doimiy aʼzosi.

2025-yilning 12-mayida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Özbekiston Prezidenti Şavkat Mirziyoyevni 1802-yilda Napoleon Bonapart tomonidan taʼsis etilgan “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlagan edi. Dunyoning eng taniqli davlat va jamoat arboblariga topşirib kelinadigan uşbu yuksak mukofot ikki mamlakat örtasidagi munosabatlarning bugungi darajasini ham ifodalaydi, albatta.

Fransiya bilan tanişuvimiz uning madaniy timsollaridan biri — Luvrdan boşlandi. Luvr haqida köp eşitganmiz, öqiganmiz. Ammo u haqda eşitiş boşqa, asrlar nafasi saqlangan zallarga qadam qöyiş butunlay boşqa hissiyot baxş etar ekan. Saroy tarixi XII asr oxirida qirol Filipp II Avgust davrida Parijni himoya qiliş uçun barpo etilgan qalʼadan boşlanadi. Asrlar davomida u özgardi, kengaydi, qirollik qarorgohi, keyin esa insoniyat yaratgan bebaho osori atiqalar jamlangan muzeyga aylandi.

2023-yilda muzey sifatida oçilganiga 230 yil tölgan bu dargohning salobati faqat kolleksiyalari köpligi bilangina ölçanmaydi. Uning eng katta qudrati ötmişni bugun bilan boğlay olganida.

Muzey galereyalari 75 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallaydi. Ularda insoniyatning eng qadimgi davrlaridan boşlab yaratilgan minglab asarlar jamlangan.

Muzeyning özi ham alohida sanʼat asari. Zallar devorlarida Yunon, Rim va Misr tarixiga oid bezaklar asl holiça saqlangan. Muzeyga qadam qöydingizmi, bas, u sizni qayerdanligingiz, millatingizu jinsingiz, yoşingiz neçada ekanidan qatʼi nazar, öziga maftun etadi, unga oşno bölmay ilojingiz yöq.

Eksponatlarga tikilganingiz sari tarix sizni öz girdobiga tortib ketadi. Odamzodning buyukligi faqat osmonöpar binolar yoki zamonaviy texnologiyalarda emasligini çuqurroq anglaysiz.

Luvr xotiramda insoniyat keçmişining tilsiz, ammo ğoyat taʼsirçan solnomasi ölaroq muhrlandi. U yerda maʼnosi, yuki yengil biror eksponat yöq — har birining ortida davr tafakkuri, izlanişlari, qudrati va taqdiri mujassam. Bu ulkan dargohda körganlaringizni bir millat yoki mamlakat miqyosi bilan ham ölçab bölmaydi. Uning zallarida odamzod nimalarga qodirligini, bu bebaho meros ortida qançalar teran tafakkur, yuksak madaniyat va ulkan yaratuvçanlik mujassam ekanini qalban his etasiz.

Biz bu ulkan majmuani uç-tört soat aylandik, xolos. Körganlarimizni anglaşga, bilganlarimizni eslaşga urindik. Albatta, bu yerda bölganimizni tasdiqlovçi suratlarga ham tuşdik. Tan olaman, Luvr meni butunlay rom etdi...

Luvr zallarida yurar ekanman, xayolimga Toşkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi qayta-qayta kelaverdi. Yaqinda xorijda yaşaydigan vatandoşimiz, taniqli jurnalist Sarvar Usmon bilan uşbu majmuani aylanib çiqqan edik. Men u yerga har kirganimda özim uçun yangi bir maʼno, yangi bir kaşfiyot topaman.

Dunyoning turli burçaklarida soçilib yotgan tarixiy merosimizni izlab topiş, yurtimizga olib keliş va zamonaviy muzeyçilik talablari asosida yaxlit tizimga joylaş oson iş emas. Bu uluğ ğoyani ilgari surgan davlatimiz rahbariga va uni amalga oşirişga hissa qöşgan barça insonlarga hurmatim çeksiz.

Luvr Fransiyaning jahon tarixidagi örnini körsatsa, Islom sivilizatsiyasi markazi insoniyat tamaddunida bizning ham beqiyos hissamiz borligini namoyon etadi.

Eyfel minorasidan Parijga quş parvozi balandligidan qaraganda ham şu fikr xayolimdan ötdi. Tarix va bugungi kun bir-biriga uyğunlaşgan megapolisning sirli, viqorli va ayni paytda sokin qiyofasiga uzoq tikilib, odamzodning yaratuvçanlik salohiyatiga tahsin aytmay iloj yöq.

Ammo safarimizning asosiy maqsadi Parij manzaralarini tomoşa qilişgina emas edi. Bizni Fransiya va Avstriya mediasining iş tartibi, jurnalistika taʼlimi va öquvçi bilan munosabat tajribasi qiziqtirardi.

Fransuzlardan nimalarni örganamiz?

Şoşilmang. Xorijga borgan odam köpinça “biz ham şunday qilişimiz kerak” degan xulosaga juda tez keladi. Menimça, bu ança bahsli masala. Dunyoda har qanday millat, xalq ayriçadir va uning özligi ham özigagina mos böladi. Demak, hamma ham turli sohalarda erişilgan tajribalar, köp yillik işlaş, u yoki bu boradagi faoliyatni tahlil qilişga, ulardan samaralisini olib, foydasizlaridan voz keçişga haqli deb öylayman. Bir mamlakatda samara bergan usulni boşqasiga tayyor qolip sifatida köçiriş har doim ham kutilgan natijaga olib kelavermaydi. Tajribani örganiş kerak, albatta. Ammo uning mohiyatini anglab, şaroitimizga mosini oliş, foydasizini esa çetda qoldiriş lozim.

Zaminimiz şu paytga qadar ikki buyuk Uyğoniş davriga beşik bölib, dunyo ilm-fani va tafakkuriga saboq bergan uluğ tarixga ega. Bugun Prezidentimiz ilgari surgan Uçinçi Renessans ğoyasi ana şu buyuk anʼananing davomi sifatida böy körsatyapti. Uning dastlabki kurtaklari hayotimizning turli jabhalaridayoq sezila boşladi. Demak, özgalarning yutuqlariga havas bilan qarar ekanmiz, öz tariximiz va salohiyatimizni ham unutmay, qaddimizni tik tutişga örganaylik!

Özbekistonning Fransiyadagi elçixonasi bilan hamkorlikda tiğiz iş dasturi tuzildi. Har bir uçraşuvdan nimadir olişga, bizning şaroitimizda foyda berişi mumkin bölgan jihatlarni topişga intildik.

Dastlab Parij — Panteon — Assas universiteti huzuridagi Fransiya matbuot institutiga bordik. Bu dargohda ­jurnalistika va media sohasi uçun kadrlar tayyorlanadi.

Ommaviy axborot vositalari tarixi, siyosiy kommunikatsiya va jurnalistika sohasi mutaxassisi, professor Fabris dʼAlmeyda katta zavq bilan taʼlim jarayoni, talabalar uçun yaratilgan imkoniyatlar, öqiş va amaliyot uyğunligi haqida sözlab berdi. Keyin universitetning media markazi bilan taniştirdi.

Bu yerda talabalar ança erkin muhitda tahsil olar ekan. Ularning kiyinişi yoki özini tutişiga ortiqça aralaşilmaydi. Universitetning deyarli har bir burçagida kitob öqiş, fikr almaşiş va guruh bölib işlaş uçun joy bor. Kimdir zinada ötirib dars qilyapti, boşqasi kitob öqiyapti. Möʼjaz kutubxona esa talabalar bilan töla. Bu yerda sokinlik hukmron. Biz oyoq uçida kirdik va şu taxlit uni tark etdik. Asosiy masala öqiş ekani körinib turibdi. Oçiği, havas qildik.

Jurnalistlik odatim tutib, ularni özimiz bilan taqqoslay boşladim. ÖzJOKU kutubxonasida ham mutolaa uçun şaroit bor, ammo kitob öqiyotgan yoşlar har doim ham bu yerdagidek köp bölavermaydi...

Ammo ularning studiyasi biznikidek muhtaşam emas. Bu jihatdan biz oldindamiz. Umuman, biz haşamat, bezak va köz-köz qilişni yaxşi köramiz. “Yevrotaʼmir”, “yevrouslub” deganda ham köpinça qimmatbaho bezaklarni tuşunamiz. Aslida, yevropaliklar uslubida haşamatdan köra har bir detalga eʼtibor, har bir qariç joydan unumli foydalaniş, oddiylik va ixçamlik ustun turadi. Institut studiyasini zarurat tuğilsa, yarim soatda boşqa xonaga köçiriş mumkin. Barça jihozlar harakatçan va ­qulay.

Professorga “Institutni bitirgan mutaxassis aniq iş topa oladimi? Bitiruvçilarning qança qismi öz sohasida işlayapti?” degan savollarni berdim.

Ana şu muhim savollarimga aniq raqamlar ololmadim. Aslida, jurnalistika şunday kasbki, fakultetni tugatganlik haqidagi diplom olgan odam jurnalist böldi degani emas. Hamma gap diplom egasining kasbga qançalik layoqatli ekanida. Jurnalist bilimni amaliyotda qöllagani, izlangani, yozgani va xato qilib bölsa-da, örgangani sayin şakllanadi. ÖzMU jurnalistika fakultetini men bilan birga tugatgan 65 kursdoşimizning deyarli yarmi bugun sohada işlamaydi. Jamiyatda jurnalistlarga talab qança, soha istiqbolli kasblar qatorida qolyaptimi degan savollar juda köp.

Şuning uçun taʼlimda amaliyotni kuçaytiriş hamma uçun dolzarb. Fabris dʼAlmeyda talabalar amaliyoti qanday taşkil etilişini batafsil tuşuntirib berdi. Bu yerda talaba vaqtini bekor ötkazmaydi. ­Zamonaviy media muhitida paydo bölayotgan yangi kasb va yönalişlar ham taʼlim dasturidan çetda qolmaydi. Şahardagi media taşkilotlari institut faoliyatini kuzatib boradi, qobiliyatli talabalarga esa öqiş davridayoq eʼtibor qaratadi.

Professorning bir gapi bizga juda taniş eşitildi. U jurnalistikaning noni qattiq, mehnati maşaqqatli, ammo mevasi şirin ekanini tuşunadigan yoşlarni sohaga köproq jalb etişni istaşini aytdi.

Fabris dʼAlmeyda bilan muloqot samimiy ötdi. Ayrim masalalarda qaraşlarimiz hamohang ekani ham sezildi.

Frans-Press va jurnalistika qoidalari

Dasturimizdan dunyodagi eng yirik axborot agentliklaridan biri — Agence France-Presse bilan tanişuv ham örin olgan edi. Frans-Press — Fransiyaning öziga xos taşrif qoğozlaridan biri.

AFP, Associated Press va Reuters jahondagi eng yirik uçta axborot agentligi qatorida turadi. Bu yerda 1840 jurnalist agentlikning dunyo böylab tört mingga yaqin mijozi uçun tunu kun axborot tayyorlaydi. Ular orasida tahririyatlar, telekanallar, axborot agentliklari, raqamli platformalar va turli taşkilotlar bor. BBC va Al Jazeera kabi ulkan auditoriyaga ega kompaniyalar ham AFP materiallaridan foydalanadi. Materiallar olti tilda tarqatiladi.

Agentlikning huquqiy maqomi 1957-yilda Fransiya qonunçiligi bilan mustahkamlangan. AFPning aksiyadorlari yöq. Tahririy faoliyatda axborotning aniqligi, xolisligi, tölaqonliligi va tezkorligi asosiy mezon hisoblanadi.

Agentlik daromadining asosiy qismi mijozlar obunasidan şakllanadi. Şu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni bajargani uçun davlatdan kompensatsiya oladi. Biroq davlat mablağining jalb etilişi tahririyat hukumatga böysunişini aslo anglatmaydi.

AFP xalqaro yangiliklar, multimedia mahsulotlari, faktlarni tekşiriş va professional öquvlar yönalişida faoliyat yuritadi.

Muloqot avvalida mezbonlar Özbekiston haqida söradi. Agentlikning Özbekistondagi muayyan sabablarga köra faoliyati töxtagan vakolatxonasini qayta tiklaş masalasi ham kötarildi. Elçixona va uyuşma vakillari bu masalani tegişli idoralar bilan muhokama qiliş va yeçim topiş böyiça fikrlaşib oldilar.

Biz AFP mutasaddilari bilan bugungi axborot muhitida xolis, haqqoniy va tekşirilgan maʼlumot tarqatişning ahamiyati haqida suhbatlaşdik. Agentlik axborotni mijozlarga taqdim etadi. Undan foydalaniş yoki foydalanmaslikni esa har bir tahririyatning özi hal qiladi. Ammo öşa axborotning töğri va tekşirilgani hisobiga mazkur agentlikning mijozlari köpaysa köpaymoqdaki, kamayayotgani yöq.

Axborotni tekşiriş jarayonida zamonaviy texnologiyalar, jumladan, generativ sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. Bu yönalişda Google bilan hamkorlik yölga qöyilgan. Ammo tekşiruv birgina texnologik vosita yoki bitta manba bilan çeklanmaydi. Maʼlumot boşqa agentliklar xabarlari, oçiq manbalar va voqea joyidagi muxbirlardan olingan dalillar bilan taqqoslanadi. AFP global tarmoği orqali maʼlumotni bevosita voqea joyidan oliş imkoniga ega.

Muloqotda özbekistonlik media vakillarining Fransiyada, bevosita AFP tahririyatida tajriba orttiriş imkoniyatlari haqida ham fikr almaşildi. Agentlikning Özbekistonda öz mijozlari va doimiy faoliyati bölişi mamlakatimiz haqida jahonga tarqalayotgan axborotlarning haqqoniyligini taʼminlaşga yordam beradi.

AFPning Yevropa yönalişi boş muharriri Jerom Kartilye va uning hamkasblari bilan suhbatdan keyin bir narsaga yana bir bor amin böldik. Axborot tarqatiş vositalari qançalik özgarmasin, jurnalistikaning oltin qoidalari eskirmaydi.

“Kronen Zeitung”ni 6,6 foiz avstriyalik öqiydi

Venadagi dasturimiz Avstriya media akademiyasi bilan tanişuvdan boşlandi. Qariyb qirq yillik tarixga ega akademiya jurnalist va media xodimlari malakasini oşiriş, ularga zamonaviy bilim va könikmalar beriş bilan şuğullanadi.

Muassasa Germaniya, Şveysariya, Ukraina va boşqa Yevropa davlatlaridagi media taşkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Akademiya ijroçi direktori Nikolaus Koller global axborot makonidagi manipulyatsiyalar, asossiz xabarlar köpayişi va faktçeking masalalari haqida sözladi.

Uning aytişiça, Avstriya parlamentiga axborotni kim tarqatişidan qatʼi nazar, çalğituvçi va yolğon maʼlumotlar uçun javobgarlik belgilaşga qaratilgan qonun loyihasi kiritilgan.

Zero, bitta yolğon xabar yirik axborot vositasining yillar davomida orttirgan obrösini bir kunda yöqqa çiqarişi mumkin.

Nikolaus Koller akademiya asosan professional jurnalistlar bilan işlaşini taʼkidladi. Uning fikriça, jurnalist va bloger bir-birini töldirişi mumkin, ammo ularga bir xil taʼrif berib bölmaydi.

Söz va fikr erkinligi haqida har qança bong urmaylik, uning asosiy mezoni inson şaʼni va daxlsizligi ekani, qolaversa, qaysidir tomonning buyurtmasi yoki manfaati uçun yolğon, asossiz xabarlarni ommaga tarqatiş borasidagi mukammal tartiblarga ehtiyoj borligidan köz yumib bölmaydi.

Keyin Avstriya gazetalar uyuşmasiga bordik. Oçiği, taşkilot faoliyatidan ham köra, davriy naşrlarning muştarak manfaatlar yölida birgalikda işlaşi menga köproq maʼqul böldi.

Uşbu tajribani “Kronen Zeitung” gazetasi misolida köriş mumkin. Naşr 600 ming nusxada çop etiladi. Tahririyatda 1200 xodim, jumladan, 250 jurnalist işlaydi. Gazeta Avstriyaning töqqizta federal yerida tarqatiladi. Naşr bosmaxonadan çiqqaç, olti soat içida obunaçiga yetkazilişi şart. Eng uzoq yetkazib beriş masofasi 900 kilometrga yaqin. Şu sabab gazeta mamlakatning turli hududlaridagi bosmaxonalarda bir vaqtda çop etiladi.

“Mediaprint” taşkiloti naşrlarni çop etiş va tarqatiş bilan şuğullanadi. Uning tasarrufida mopedlardan tortib, katta yuk avtomobillarigaça bor. Gazeta tarqatiş jarayoniga tunu kun ön mingga yaqin kişi jalb etiladi.

Uyuşmaga aʼzo naşrlarning asosiy tiraji obuna hisobiga şakllanadi. “Kronen Zeitung” nusxalarining 85 foizi obunaçilarga yetkaziladi. Aholisi ön millionga yetmaydigan mamlakatda har ön beş avstriyalikdan bittasi mana şu gazetani muntazam öqiydi. Bunday naşrlar soni esa ançagina. Gazetaning bir donasi 2,52 yevro turadi.

Bu raqamlar bizni taqqoslaşga, Özbekistondagi davriy naşrlar rivoji köp jihatdan özimizga ham boğliq ekanini anglaşga undaydi.

Birinçidan, biz köp yillar davomida gazetani öquvçiga öz vaqtida yetkazib beriş masalasini eʼtibordan çetda qoldirdik. Afsuski, bu muammoni hali ham töliq hal qilganimiz yöq. Oila byudjetidan mablağ ajratib obuna bölgan inson gazetani vaqtida olmasa, keyingi yili yana obuna bölişni istaydimi? Albatta, yöq.

Ikkinçidan, naşrlarni hududlardagi bosmaxonalarda çop etiş tajribasidan kengroq foydalaniş mumkin. Masalan, “Işonç” va “Işonç-Doveriye” gazetalari Toşkent, Samarqand va Marğilon şaharlaridagi bosmaxonalarda çop etilmoqda. Şu tufayli naşrlarni asosiy hududlarga öşa kunning özida yetkaziş imkoni paydo böldi.

Uçinçidan, obuna va tarqatiş borasida hali ham sovet davridan qolgan iş usullariga tayanayotgan joylarimiz bor. Gazetani çop etişdan keyingi barça işni poçta yoki matbuot tarqatuvçi idoralarga topşirib qöyiş bilan muammo hal bölmaydi. Hozirgi poçta bölinmalarining moddiy-texnik bazasi hatto sanoqli naşrlarni öz vaqtida yetkaziş uçun ham yetarli emas. Yetkazib beriş narxini keskin oşiriş esa öquvçi va tahririyat zimmasiga yana bir yuk bölib tuşadi.

Bu masalada bir neça bor takliflar bildirildi. Tahririyatlar kelişib, yagona yirik tarqatiş tizimini taşkil etsa, xarajatlar kamayişi, yetkazib beruvçi taşkilotning moddiy-texnik bazasi esa mustahkamlanişi mumkin. Eng muhimi, öquvçining işonçi qaytadi.

Yana bir kamçiligimiz bor. Biz öquvçi bilan aloqani unutib qöydik. Haqiqiy gazetxonlar hali ham köp. Ular minglab topiladi. Lekin ular bizni tanimaydi, biz esa ularni...

Bugun internet imkoniyatlari katta. Har bir tahririyat öquvçilar fikrini muntazam örganadigan bot yoki boşqa raqamli muloqot maydonini yaratişi mumkin. Gazetaning mazmuni, yetkazib beriş sifati, öquvçini qiziqtirayotgan mavzular haqida bevosita muştariyning özidan söraş kerak.

Qolaversa, bugun öquvçimiz faqat qoğoz gazeta muştariysidan iborat emas. U bizni telefonda, ijtimoiy tarmoqda, sayt va ­videoplatformalarda ham kuzatyapti. Xullas, qaysi şaklda bölmasin, öquvçi fikrini biliş va unga quloq tutiş zarur.

Odamlar asosiy yangiliklarni telefondan olayotgani rost. Biroq gazeta jamiyatdagi eng savodli axborot maktablaridan biri bölib qolmoqda. Gazeta öqiş faqat xabar oliş emas, tilni his qiliş, fikrni tartibga soliş va savodni oşirişga ham xizmat qiladi.

Baʼzan telekanallardagi oddiy titrlarda ham ğij-ğij xatolarni köramiz. Şunda dodingni kimga aytişni bilmay qolasan kişi.

Avstriya gazetasining narxi 2,52 yevro ekanini aytdim. Bizning pulda öttiz ming söm atrofida böladi. Şoşilmang, men ham Avstriyadagi iş haqlari miqdoridan xabarim bor. Bizga taqdim etilgan maʼlumotlarga köra, “Kronen Zeitung” tahririyatida örtaça oylik maoş 3800 yevro atrofida. Jurnalistlarning yillik daromadi esa örtaça 91 ming yevroga yetişi mumkin.

Bu raqamlar internet infratuzilmasi va raqamli media ança rivojlangan, aholisi Özbekistondan bir neça barobar kam mamlakatdagi gazetxonlik manzarasini körsatadi. Darvoqe, birgina Avstriya gazetalar uyuşmasiga önlab xuddi şunday gazetalar aʼzo ekanini aytib ötay. Demak, mamlakatda har kuni millionlab nusxada gazeta çop etiladi, ularning tahririyatlarida minglab inson işlaydi va ijod ­qiladi.

Yana bir jihatni aytiş esdan çiqayozibdi. Avstriya reklama bozorida gazetalarning uluşi juda katta ekan, qoyilmisiz? Bizga taqdim etilgan raqamlarga köra, umumiy reklama mablağlarining 31,2 foizi gazetalar hissasiga töğri keladi. Telekanallar uluşi esa 26,2 foizni taşkil etadi. Endi ayting-çi, gazetalar davri tugadimi? Albatta, yöq!

Yan Braatu: “Ideal davlat yöq…”

YEXHTning OAV erkinligi böyiça vakili Yan Braatu bilan ötgan maroqli suhbatni ham uzoq vaqt unutmasam kerak.

— YEXHTga aʼzo 57 davlatning har birida öziga yaraşa muammo bor. Ideal mamlakat yöq, — dedi u suhbat davomida.

Bu fikrda katta haqiqat bor. Çunki söz erkinligi bir marta erişib, keyin xotirjam yaşaydigan manzil emas. U doimiy harakat, jamoatçilik nazorati va kasbiy masʼuliyatni talab qiladigan jarayon.

Yan Braatu 2025-yilda Özbekistonga taşrif buyurgan edi. U yurtimizda matbuot va söz erkinligi sohasida keçayotgan jarayonlarni kuzatgan, jurnalistlar hamda soha vakillari bilan uçraşgan.

Bizni Venadagi qarorgohida qabul qilar ekan, u Özbekiston safari haqida ham töxtaldi.

— Men jarayonlar tez va oson keçmaganini kördim. Umumiy tuşunçalarimiz bir-biriga yaqin va bundan xursandman, — dedi u.

Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi raisi Şuhrat Oripov Yan Braatudan uyuşma tomonidan YEXHTga taqdim etilgan Etika kodeksi loyihasi haqidagi fikrini söradi. Vakil hujjat yaxşi taassurot qoldirganini, unda ilgari surilgan takliflarni qöllab-quvvatlaşini bildirdi.

Safarimizning asosiy sababi bölgan tantanali marosim Özbekistonning Fransiyadagi elçixonasida ötkazildi. “Özbekiston haqida xorijiy OAVda yoritilgan eng yaxşi material uçun” nominatsiyasida ikkinçi öringa munosib topilgan Didye Labuşga “Oltin qalam” milliy mukofoti topşirildi.

Şu yerda ijod qilayotgan xorijlik hamkasblarimizning yangi Özbekiston haqidagi fikrlarini eşitib, qalbimizda ğurur uyğonganini yaşirmayman. “Euronews” telekanalining Özbekistondagi muxbiri bölib işlagan Tatyana Polonskaya ham yurtimiz haqida şunday iliq gaplar aytdiki, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, oğzidan bol tomdi.

Har ikki ijodkorga Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasining faxriy aʼzoligi guvohnomalari ham topşirildi. Ularning yuzidagi quvonç barçamizga yuqdi. Minbarga çiqqan Didye Labuş esa sözini kutilmagan bir jumla bilan boşladi.

— Sizni Prezidentingiz bilan tabriklaşga ijozat bergaysiz...

Töğrisi, xorijlik jurnalistning bu gapida xuşomaddan asar ham yöq, yangi Özbekistonimizda keçayotgan özgarişlarga berilgan xolis baho edi, nazarimda. Bunday samimiy eʼtirof kişini quvontiradi, albatta. Ayni paytda mening, jurnalist hamkasblarim zimmasidagi ulkan masʼuliyatni yodimizga solib turadi.

— Sizga ham rahmat, birodar!

Husan ERMATOV,

Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist, senator

Toşkent — Parij — Vena — Toşkent