Oʻtgan yillarda bu borada katta tajriba orttirildi va bu jarayon yildan-yilga takomillashib kelmoqda.

Joriy yil Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilinishi bu xayrli anʼananing uzviy davomi hisoblanadi. Shu kunlarda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Yoshlar har bir davlat va millatning kelajagi, ertangi kunimizning harakatlantiruvchi kuchi. Shu bois, yoshlar masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatini himoya qilish, jahon andozalari darajasida taʼlim olishi va har tomonlama barkamol ulgʻayishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu boradagi ishlarni zamon talabi asosida tashkil etish boʻyicha mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Xususan, taʼlim-tarbiya tizimida tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda taʼlim, jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining salmoqli qismini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni koʻtara olmaydi. Qanchalik ogʻir boʻlmasin, yurtimizda buning uchun zarur mablagʻ va resurslar izlab topilyapti. Davlatimiz rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki, kelajak uchun yoʻnaltirilgan eng samarali sarmoya hisoblab, taʼlim rivojiga eʼtiborni yildan-yilga kuchaytirmoqda.

Xususan, joriy yilgi davlat dasturi loyihasida ham bu yoʻnalishda keng qamrovli chora-tadbirlar belgilangan. Maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik salohiyatini oshirish, pedagoglarning maqomini yuksaltirish, umumtaʼlim maktablarini toza ichimlik suv bilan taʼminlash hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini takomillashtirish borasida koʻzda tutilgan chora-tadbirlar shular jumlasidan.

Quvonarlisi, bu yoʻnalishda xalqimizning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan qator dolzarb masalalar yechimiga oid loyihalar ham bor. Masalan, olis va chekka hududlarda joylashgan 100 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasasi oʻquvchilari uchun bepul avtobuslar qoʻyish boʻyicha tadbirlar belgilangan. Bu borada tajriba-sinov tariqasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 100 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida olis hududlardan qatnaydigan oʻquvchilarning avtobuslar bilan maktabga xavfsiz va qulay qatnovini autsorsing asosida tashkil etish boʻyicha tartibni ishlab chiqish belgilangan. Autsorsing tizimi asosida bepul avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar uchun zarur mablagʻ ajratish masalasi ham koʻzda tutilgan. Albatta, kelajak avlod kamolotini koʻzlab amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar yoshlarimiz uchun katta ragʻbat va imkoniyatdir.

Yana bir muhim masala – bolalarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bilan bogʻliq. Bu borada soʻnggi yillarda mamlakatimizda huquqiy va tashkiliy ishlar yangicha mezonlar asosida rivojlanmoqda. Biroq, shunga qaramay, hali yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Buni quyidagi faktlar ham isbotlaydi: maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilning 9 oyida yurtimizda 1 ming 240 nafar voyaga yetmagan bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari qayd etilgan. Bolalar oʻz qarindoshlari, yaqinlari tomonidan ham zoʻravonlikka uchrash holatlari koʻp uchrayapti.

Yaqinda internet tarmogʻida oʻz farzandiga ana shunday shafqatsiz munosabatda boʻlgan otaning qilmishi hammamizni junbushga keltirdi. Tabiiyki, ota bu qilmishi uchun qonun oldida javobgarlikka tortildi. Ammo, milliy qadriyatlarimiz va oʻzligimizga yot boʻlgan bunday qilmishlarga aslo toqat qilib boʻlmaydi. Shu bois, davlat va nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchilik bunday holatlarga qarshi kurashmoqda.

Davlat dasturi loyihasida ham bu muammolarga alohida eʼtibor berilgani va bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlar kuchaytirilishi belgilangani ayni muddao boʻldi. Xususan, bolalarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishda davlat organlari vakolatini aniq belgilash, bolalarga nisbatan bunday holatlarning oldini olish, ularni aniqlash, tazyiqlarga chek qoʻyish mexanizmini takomillashtirish, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan bolalarga kompleks yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar amaliyotini kompleks tahlil qilish, natijasi boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash vazifasi belgilangan. Ishonchimiz komilki, bu gʻoya va tashabbus xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

Davlat xizmatchisi, avvalo, xalq xizmatchisi boʻlishi shart

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonga huquqiy davlat, degan taʼrif berildi va shu asosda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar koʻpaytirildi. Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida xalq xizmatidagi davlatni barpo etish vazifasi yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanadi. Xususan, yurtimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida davlat xizmatchisi, avvalo, xalq xizmatchisi boʻlishi shart, degan gʻoya yuqori natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvi tizimini yaratishda islohotlarning asosiy talabiga aylandi.

Bu yoʻnalishda keyingi yillarda yurtimizda keng qamrovli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Natijada davlat xizmatchilarini tayyorlashning yangi tizimi shakllandi, boshqaruv kadrlarini tanlash, ularni ishga qabul qilish, rivojlantirish va lavozimda oʻstirish boʻyicha yangi maktab yaratildi.

Davlat dasturi loyihasida bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha qator vazifalar oʻz aksini topgan. Xususan, davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish asosiy mezon etib belgilangan.

Bu borada belgilangan muhim vazifalardan biri Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish boʻyicha strategiya ishlab chiqishdir.

– Bugun yurtimiz demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda, – deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Alisher Eranov. – Bu boradagi islohotlar bardavom boʻlishi, xalqimiz koʻzlagan yuksak marralarga erishish uchun, avvalo, davlat boshqaruvi tizimini zamon talablari darajasiga olib chiqish ustuvor vazifadir. Ushbu maqsadlarga erishish koʻp jihatdan davlat xizmatchilarining bilimi va salohiyatiga bogʻliq. Zero, bugungi kun davlat xizmatchisi Prezidentimiz ilgari surayotgan mamlakatni rivojlantirish bilan bogʻliq gʻoya va tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga qodir, hayotimizda roʻy berayotgan tezkor oʻzgarishlarga moslasha oladigan, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, xalqimiz farovonligini oshirishga munosib hissa qoʻsha oladigan yetuk kadr boʻlishi lozim. Albatta, bu natijalarga erishish uchun aniq maqsadli koʻrsatkichlar belgilab olinishi ham muhim. Yangi strategiya ana shu sohada dasturulamal hujjat boʻladi.

Nafaqat davlat xizmati, balki har bir soha va tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar qachon samarali boʻladi? Qachonki, harakatlar oʻz natijasini bersa. Yaʼni, ish degani faqat soat yoki kun qoralash bilan emas, erishilgan natija bilan baholanishi lozim. Ayniqsa, davlat xizmatchisi faoliyatida bu muhim mezon hisoblanadi. Agar joylardagi rahbar va mutaxassislar xalq farovonligini taʼminlaydigan, turli sohalarni rivojlantirish orqali iqtisodiy oʻsish, jamiyatda tinchlik, barqarorlikka xizmat qiladigan maqsadlar sari intilib, bu boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirsa, albatta harakatga yarasha natija ham boʻladi.

Tabiiyki, ular ana shunday ishiga yarasha ragʻbat ham olishi lozim. Aksincha, ishida unum va oʻsish boʻlmagan kadrlarning lavozimga loyiqligi masalasi ham kun tartibida turishi kerak. Davlat dasturida bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Respublika ijro etuvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatini samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgani ayni muddaodir.

Bugungi axborot texnologiyalari asrida har bir soha va tarmoqda yangilanish jarayoni jadal kechmoqda. Axborot texnologiyalari ham kun sayin rivojlanayotir. Qaysi soha mutaxassisi boʻlmasin, bir kun oʻz ustida ishlamasa, yangilik va oʻzgarishlardan xabarsiz qolsa, hayotdan ortda qolishi hech gap emas. Shu bois, kadrlar malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz tizim boʻlishi lozim. Bu borada Davlat xizmatlari agentligi va Davlat boshqaruv akademiyasi hamkorligida muntazam oʻquvlar tashkil etilyapti. Ilm.argos.uz platformasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tizim orqali onlayn oʻquvlar ham tashkil etilyapti.

Joriy yilda bu ishlar yanada takomillashtiriladi. Davlat dasturi loyihasida bu borada kamida 10 ming nafar davlat xizmatchisi malaka oshirishi rejalashtirilyapti.

Bundan tashqari, davlat boshqaruv organlari va hokimliklar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida maxsus mobil platforma yaratish koʻzda tutilyapti. Bu tizim oʻzaro axborot almashish, belgilangan vazifalarni tez va sifatli bajarishda hamkorlikda ishlash, doimiy muloqot qilish va tajriba almashish imkoniyatini yaratadi.

Yana bir muhim masala – davlat xizmatiga ishga kirishda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur sharoit yaratish hisoblanadi. Maʼlumki, bugungi kunda yurtimizda aholining ushbu qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, bilim va malaka egallashi uchun zarur sharoit yaratish borasida muayyan ishlar bajarilyapti. Tabiiyki, bu ularning jamiyat hayotida teng huquqli asosda ishtirok etishi uchun zamin yaratayotir. Endilikda ularning davlat xizmatiga ishga kirishda tanlovlarda qatnashishiga ham sharoit yaratiladi. Bu aholi ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish va inson huquqlarini taʼminlashda yana bir muhim qadam boʻladi.

Bundan tashqari, yetuk, bilimdon, tashabbuskor, istiqbolli kadrlarni tanlab olish tizimini takomillashtirish maqsadida maxsus saralash tizimiga ham asos solinadi. Bu jarayonda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijdagi vatandoshlarimiz ham ishtirok etishiga imkon yaratiladi. Oʻz navbatida, bu chora-tadbirlar davlat fuqarolik xizmatini yanada rivojlantirish, xalq xizmatidagi davlat tamoyilini hayotga keng tatbiq etishda muhim samara beradi.

Davlat dasturi loyihasida har bir soha va tarmoq rivojiga oid ana shunday koʻplab yangiliklar aks etgan. Umumxalq muhokamalari qizgʻin kechayotgan shu kunlarda bu masalalar yuzasidan turli fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda. Ushbu hujjat muhokamasi nafaqat yurtimiz, balki xorijiy nashrlar jurnalistlarining ham nigohida turibdi. Bu jarayonda hujjat loyihasi yanada takomillashadi va xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimiz ravnaqini yuksaltirishga zamin yaratadigan muhim dasturga aylanadi.

Bahor Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri