Monitoring davomida Ombudsman qutisi koʻzdan kechirilganda, 11 nafar mahkum tomonidan murojaat qoldirilgani maʼlum boʻldi. Mintaqaviy vakil barcha murojaat mualliflari bilan yakkama-yakka uchrashgan holda suhbat oʻtkazib, ularning masalalarini har tomonlama oʻrgandi. Bundan tashqari, 4 nafar mahkum M.Normurodovning shaxsiy qabulida boʻldi.
Shundan soʻng mintaqaviy vakil mahkumlarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, tibbiy yordam olishi, shuningdek ularning ishlash sharoitlari bilan tanishdi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu muassasada 1006 nafar mahkum saqlanayotgan boʻlib, ularning 70 foizi mehnatga jalb etilgan. Katta yoshdagi va betob boʻlgan mahkumlar ishga jalb qilinmagan.
Koloniyadagi mebel ishlab chiqarish sexi koʻzdan kechirilganda, uning taʼmirtalab ekanligi hamda u yerda mehnat qilayotgan baʼzi mahkumlarning ustki kiyimlari eskiligi, ularning yangi ust-kiyimlar bilan taʼminlanishi zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mintaqaviy vakil monitoring tashrifi doirasida joriy yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.
Mazkur muassasada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovi oʻtkazilishi boʻyicha 605-sonli saylov uchastkasi tashkil etilib, muassasadagi 39 nafar mahkum saylovda ovoz berish huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxatiga olingan, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.