“Kungrad Salt Free Zone” sanoat zonasi tashkil etiladi

    Qoʻngʻirot tumanidagi “Barsakelmes” tuz koni hududida chegaralarda tuzni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Kungrad Salt Free Zone” sanoat zonasi tashkil etiladi.

    Bu boʻyicha Prezidenning “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuzni qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–333-son, 03.11.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, “Barsakelmes” tuz konida quyidagilar yoʻlga qoʻyiladi:

    • 2026-yilda kamida 50 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni oʻzlashtirish;
    • 2026–2030-yillarda jami 200 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni jalb qilish.

    2025–2026-yillarda 50 gektar yer uchastkasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi, kelgusi yillarda zaruratdan kelib chiqib, Sanoat zonasi hududi 200 gektargacha kengaytirib boriladi.

    Sanoat zonasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlagan tadbirkorlarga 5-yil muddatga “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi.