Turli mafkuraviy xurujlardan himoyalanish, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyat, an'analarimizni asrab-avaylab, ularga amal qilib yashash muhim bugun ahamiyat kasb etadi. Zero, ma'naviyatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri milliy qadriyatlarimiz hisoblanadi. Qadriyatlar o'tmish bilan hozirgi kun o'rtasidagi vorisiylikni ta'minlaydi.
Shu ma'noda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan alohida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Mazkur hujjatga muvofiq, 31 oktyabrni – Milliy qadriyatlar kuni sifatida nishonlash belgilandi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur sanaga bag'ishlangan festival tashkil etildi. Tadbirda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'afurov, Akademiya professor-o'qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Festivalni Akademiya rektori Uyg'un G'afurov kirish so'zi bilan ochgach, O'zbekiston faylasuflar jamiyati raisi, falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarov o'zbek xalqining insoniy fazilatlari, urf-odatlari mavjudligini e'trof etdi.
“URBAN STYLE”” milliy brendi kompaniyasi direktori Kamila Alieva esa, milliy qadriyatlarga hurmat bilan qarash – millatning o'ziga hurmat bilan qarashning asosiy bo'g'ini ekanini qayd etdi.
Festival doirasida “Milliy qadriyatlarning eng faol targ'ibotchisi” tanlovi doirasida “Milliy libos”, “Milliy raqs”, “Milliy taom”, “Milliy sport”, “Milliy qo'shiq” nominatsiyalari o'tkazildi. Talabalar tomonidan turli ma'naviy-ma'rifiy chiqishlar, liboslar namoyishi, taom pishirish musobaqasi, sport o'yinlari bo'lib o'tdi.
Festival yakunida g'olib va sovrindorlar taqdirlandi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati