Xalqaro media-xollda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar xususida brifing boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash lozim, mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari ham nihoyasiga yetmoqda. Milliy tiklanish» demokratik partiyasi saylovoldi targʻibot tadbirlarida barchani Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida partiya tomonidan ilgari surilayotgan “Insonni oʻzgartirish orqali jamiyatni oʻzgartiramiz” degan hayotbaxsh gʻoya atrofida jipslashtirishga alohida eʼtibor qaratgan. Shu maqsadda Markaziy kengashda maxsus shtab tuzildi va uning samarali ishlashini taʼminlash maqsadida 5 ta guruh tashkil qilindi.

Saylovoldi dasturini tayyorlash boʻyicha siyosatshunos, huquqshunos, iqtisodchi olimlar, tadqiqotchilar hamda partiya faollaridan iborat ekspertlar guruhi tuzildi. Partiyaning 2015-2016-yillarda boʻlib oʻtgan Prezident saylovidagi ishtiroki, partiyadan koʻrsatilgan nomzodlarning Saylovoldi dasturlari oʻrganildi. Prezidentlikka nomzod va uning Saylovoldi dasturini tashviqot qilish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruhi tomonidan nomzodning saylovdagi ishtiroki yuzasidan strategiya hamda samarali tashviqotni amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli media-reja, PR strategiya ishlab chiqildi.

Partiyaning barcha hududiy Kengashlari qoshida koʻmak targʻibot guruhlari tuzildi. Ular tomonidan partiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilayotgan nomzodni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha targʻibot tadbirlari olib borildi. Partiyaning saylovda yangi imijda ishtirok etishini taʼminlash maqsadida dizaynerlar, rassomlar va boshqa mutaxassislar ishtirokida partiyaning yangi logotipi, bayrogʻi loyihalari ustida ishlandi va mutaxassis, ekspertlarning takliflari, fikr-mulohazalari asosida “Milliy tiklanish” logosi rebrending qilindi.

Partiyaning bosh nashri – “Milliy tiklanish” ijtimoiy-siyosiy gazetasining 8 ta maxsus soni chop etilib, 1 million oʻquvchiga tarqatish rejasi ishlab chiqildi. Shu kungacha gazetaning saylov kampaniyasiga bagʻishlangan 300 mingdan ziyod nusxadagi gazeta eng chekka hududlarga ham bepul tarqatildi. Nomzod targʻibotiga bagʻishlangan maxsus son esa 100 ming nusxada aholiga bepul yetkazib berildi.

Saylovga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir saylov uchastkasi boʻyicha partiyaning hududiy va mahalliy partiya tashkilotlari tomonidan kuzatuvchi hamda vakolatli vakillarga nomzodlar roʻyxati shakllantirildi.

Brifingda soʻzga chiqqanlar nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratilganini alohida taʼkidladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod, ishonchli vakillar partiya tashkilotlari tomonidan mustaqil ravishda oʻtkazildi. Xususan, targʻibot davrida nomzod tomonidan 14 ta hududda uchrashuvlar oʻtkazilib, ularda jami 6500 nafardan ortiq saylovchi ishtirok etgan. Nomzodning 15 nafar ishonchli vakillari tomonidan shahar va tumanlarda 240 taga yaqin saylovoldi uchrashuvlar tashkil etilib, ularda jami 300 mingdan ortiq saylovchi qamrab olingan.