Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “Davlat xizmatlari ko'rsatishni soddalashtirish, byurokratik to'siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko'rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari ko'rsatish ko'lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun davlat xizmatlari ko'rsatishda zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillardan voz kechgan holda, inson omilini qisqartirib, qog'ozbozlikka barham berish orqali xizmatlar darajasini yuksaltirish talab etilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-avgustda “O'zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash, tizimdan foydalanish va identifikatsiyani bekor qilishni tartibga soluvchi Nizom tasdiqlangan bo'lib, unga ko'ra Mobil-ID tizimi — interaktiv davlat xizmatlari ko'rsatishda foydalanuvchini ro'yxatga olish, identifikatsiyalash, autentifikatsiyalash, verifikatsiya qilish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilishda foydalanuvchilar bilan aloqani ta'minlashga mo'ljallangan mobil telefon raqamiga bog'langan identifikatsiya tizimi hisoblanadi.
Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko'ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o'tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Davlat xizmatlari markazi yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi. Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo'l barmog'i izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog'lanadi.
Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o'tish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo'llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog'lanadi.
Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan o'tgandan keyin “Tasdiqlangan foydalanuvchi” maqomini oladi va barcha elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo'ladi. Kreditlash sohasida ko'rsatiladigan moliyaviy xizmatlar bundan mustasno.
Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligini alohida eslatib o'tmoqchimiz. Shuningdek, Mobil-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o'tishda bevosita ma'lumotlarni yig'ish punktiga kelib murojaat etganda 2022-yil 31-dekabrga qadar to'lov undirilmaydi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida to'lov undiriladi. YAIDXPning mobil ilovasi orqali murojaat qilinganda bepul amalga oshiriladi.
Endilikda Mobil-ID tizimidan hech narsani yashirib bo'lmaydi. Barcha harakatlar mazkur tizimda mujassam bo'ladi. Bu esa byurokratik to'siqlarga, ma'muriy sansalorliklarga, turli qog'ozbozliklarga chek qo'yadi, degani.
Xurshid Prnazarov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
bo'lim boshlig'i