Bugun, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida, 2022-yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”ga bagʻishlab "Navqiron Oʻzbekiston” Respublika yosh ijodkorlarning amaliy sanʼat koʻrgazmasiga start beriladi.
Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zalida ushbu amaliy sanʼat haftaligini tashkil qilish va oʻtkazish mavzuida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda taʼkidlanganidek, “Navqiron Oʻzbekiston” koʻrgazmasining asosiy maqsad va vazifalari - amaliy sanʼatning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, sanʼat olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular ijodini rivojlantirishga koʻmaklashish, yosh isteʼdod sohiblarini roʻyobga chiqarish va ular bilan ishlash, ijodini keng targʻib qilishga qaratilgan.
Ushbu koʻrgazmada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan amaliy sanʼat asarlari yaratishda faollik koʻrsatayotgan 18 yoshdan 33 yoshgacha boʻlgan iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda.
Koʻrgazmaga respublikamizning barcha hududlaridan yuborilgan ijodiy ishlar Ishchi guruh tomonidan saralandi va koʻrgazmada namoyish etishga tavsiya etildi.
Koʻrgazmada 70 dan ortiq yosh amaliy sanʼati ustalarining 900 ga yaqin ijodiy ishlari namoyish qilinadi.
Koʻrgazma haftaligi dasturida atoqli ustalar bilan ijodiy uchrashuv hamda mahorat darslari ham oʻrin olgan.
“Navqiron Oʻzbekiston” Respublika yosh ijodkorlarning amaliy sanʼat koʻrgazmasi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi 30-iyun kuni Xalqaro madaniyat karvon saroyida boʻlib oʻtadi.