Soʻnggi yillarda nodavlat notijorat va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, demokratik huquqiy davlat barpo etish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy salohiyatini oshirish va ushbu sohani tartibga soluvchi qonun xujjatlarini takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Sohani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Prezidentimizning 2021-yil 4-martdagi “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni, 2021-yil 3-martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan “Fuqarolik jamiyatining rivojlanishida yangi bosqich” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi, xalq deputatlari kengashlari huzurida tashkil etilgan jamoatchilik fondlari va jamoatchilik komissiyalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir ishtirokchilari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yana-da oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan farmon va qarorning mazmun-mohiyatiga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, farmonning oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u yaqin istiqbolda, yaʼni, 2025-yilga qadar mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlanishning asosiy bosqich va yoʻnalishlarini aniq koʻrsatib bergan. Bu yoʻnalishda “Yoʻl xarita”si ham tasdiqlangan boʻlib, unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat organlari ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, mamlakatimizda amalga oshirilayetgan keng qoʻlamli islohotlarga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Farmonga asosan NNTlarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari (komissiyalari) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti, NNT faoliyatining ochiqlik indeksining joriy qilinishi, “Shaffof hayriya” yagona interaktiv portalining ishga tushirilishi hamda davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish tartibining soddalashtirilishi tadbir ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etildi. Ayniqsa, doimiy vakilning asosiy vazifalari etib qonun loyihalari va quyi palataning vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha muhokamalar va yigʻilishlarda ijtimoiy sheriklik, taʼsirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilish va ularni amaliyotda toʻgʻri qoʻllash, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda qilish belgilanganligi, davlat organlari huzurida tuzilgan jamoatchilik kengashlarining faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar atroflicha muhokama etildi. Xususan, NNTni qayta roʻyxatdan hamda uning ramzini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati 1 oydan 15 kungacha qisqartiriladi, nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish uchun davlat boji undirilmaydi.
Qarorda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, mahalliy NNTlarni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga davlat subsidiyasini ajratib berish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi masalalar ham oʻz aksini topgan.
Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yana-da oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish borasidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Ushbu hujjatlarni aholi oʻrtasida targʻibot qilish, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashda keng jamoatchilikni jalb qilinishiga alohida eʼtibor qaratildi.