“Dunyo” AAning qayd etishicha, kecha Oʻzbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi va “Greenland Business & Trade Group” davlat kompaniyasi hamkorligida «G-HUB global mahsulotlar savdo markazida oʻzbek qovunlarining taqdimoti oʻtkazildi. Unda “Greenland Holding Group”, “Greenland Global Commodity Trading Hub Group”, “Hongqiao International Trade Public Service Platform” kompaniyalari, Shanxay shahar bojxona boshqarmasi va Sinpu tumani meriyasining rahbarlari ishtirok etdi.
“Greenland Holding Group” kompaniyasi ijrochi prezidenti Chjan Yun soʻnggi yillarda Xitoyda Oʻzbekistondan ekologik toza qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talab tobora ortib borayotganini taʼkidladi. “Greenland Holding Group” davlat kompaniyasi va “Shanghai Huizhai International Trade Co., Ltd”. kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida Shanxay bozoriga yetkazib berilgan oʻzbek qovunining ilk turkumi bunga yaxshi misoldir.
Shuningdek, “Greenland Holding Group” ijrochi prezidenti agrosanoat mahsulotlarini eksport qilish, Xitoy bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining istiqbolli turlarini yetkazib berishni kengaytirish imkoniyati nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston katta salohiyatga ega ekanini qayd etdi. Bundan tashqari, u Oʻzbekistondan meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetkazib berishni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashishga ham tayyor ekanligini bildirdi.
Shu tariqa Xitoyning Shanxay megopolisi va yaqin atrofdagi provinsiyalari aholisi shirin va ekologik toza oʻzbek qovunidan tatib koʻrish imkoniga ega boʻldi.
Joriy yil 14-sentyabrdan eʼtiboran Shanxaydagi yirik chakana savdo shoxobchalari orqali oʻzbek qovunlarining savdosi boshlandi. Mamlakatimiz zaminida yetishtirilgan qovunlar, shuningdek, Xitoyning boshqa hududlariga ham yetkazib berilmoqda.