Shu kunlarda Indoneziyaning Jakarta shahrida “Halal Fair Jakarta” turizm yarmarkasi boʻlib oʻtyapti. Tadbirda butun musulmon dunyosi mamlakatlaridan yirik kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

Ushbu yarmarkada Turizm qoʻmitasining mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlarida keng targʻib etish maqsadida bir qator turkompaniya vakillarini oʻzida jam qilgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ham milliy stend taqdimoti bilan qatnashmoqda.

Xalqaro yarmarka kunlarida delegatsiyamiz aʼzolari tomonidan koʻplab yangi va qiziqarli turistik mahsulotlar taqdimoti namoyish etiladi. Asosiy eʼtibor nafaqat anʼanaviy turizm yoʻnalishlari, balki mamlakatning gastronomik va ziyorat turizmi salohiyatining targʻibotiga ham qaratiladi. Shuningdek, stendimizga tashrif buyuruvchilar sevimli milliy taomimiz – palovning tayyorlanishi va dasturxonga tortilishini oʻz koʻzlari bilan koʻrish imkoniga ega boʻladilar.

Yarmarka davomida, shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan Indoneziyanig Turizm va Kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salahuddin Uno bilan ham uchrashuv tashkil etilib, unda ikki davlat oʻrtasidagi turizmni rivojlantirish boʻyicha muzokoralar olib borildi.

“Ushbu tadbirda Oʻzbekistonning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Sababi mamlakatingiz Islom taraqqiyoti yoʻlida beqiyos xizmat koʻrsatgan. Boshqa mamlakatlarda boʻlgani kabi indoneziyaliklar ham Al-Buxoriy, At-Termiziy, Naqshbandiy, Motrudiy kabi allomalar yetishib chiqqan yurtni borib koʻrishni va ziyorat qilishni juda xohlaydi. Bugungi kunda bizning davlatimiz aholisi dam olish maqsadida asosan, BAA va Turkiyaga koʻproq borishmoqda. Ammo, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekistonga boʻlgan oqim ham ortib borayapti. Indonez xalqining sifatli dam olishini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston tomoni bilan manfaatli hamkorlik istiqbollariga egamiz”, dedi Sandiaga Salahuddin Uno.

Ikki tomonlama oʻtkazilgan muloqot jarayonida Indoneziya aholisi uchun qiziq boʻlgan – Oʻzbekistonning qishki turizm salohiyati toʻgʻrisida ham batafsil maʼlumot berildi va bu borada qishda Oʻzbekistonga tashrif buyurishning Yevropaga nisbatan qulayliklari va hamyonbopligi alohida taʼkidlandi.

Mazkur turizm yarmarkasi joriy yilning 6-avgustiga qadar davom etadi.