Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 18 Avgust 2022 1337

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chogʻida joriy yil 17-avgustda Jidda shahrida Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Saudiya Arabistoni tomonidan investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Ishbilarmonlar kengashining hamraisi – “AWA Power” boshqaruv kengashi raisi Muhammad Abunayan, Saudiya Arabistonining “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group”, “Jamjoom Pharma”, “Al-Rajhi International Investment”, “Flynas”, “Al Safeer Travel, Tourism and Umrah Services”, “Silk Road Co.”, “Alfaris International Group ”, «Al- Al-Moatasem Trading Company », “ United Feed ”, “Nesma Infrastructure & Technology”, “ Mepco”, “Almutlaq Group”, “Umm Al Qura Development & Construction”, “Bin Dawood Holding Company”, “Batterjee Group Company”, “BMG Financial Advisor” kabi 30 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari hamda Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Oʻz chiqishlari davomida tomonlar oʻzaro munosabatlarning yuqori darajasi va ishonchliligini qayd etib, bunga ikki mamlakat rahbariyatining turli darajadagi aloqalarni kengaytirishga bel bogʻlagani sababli erishilayotganligini taʼkidladilar. Investitsiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar tahlil etildi. Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni kompaniyalari investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari sonini koʻpaytirish hamda birgalikda ish olib borilayotgan sohalarni kengaytirish maqsadida yanada faol hamkorlik qilishga taklif etildi.

    Saudiya Arabistoni tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini olqishladi. Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini ragʻbatlantirish maqsadida xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishlari uchun yaratilgan sharoitlar, investitsiya muhitining yaxshilanganligiga yuqori baho berildi.

    Shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalariga mamlakatning sanoat salohiyati, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berildi. Tegishli vazirliklar, idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari har bir sohaning investitsiya va sanoat salohiyatining taqdimotlarini oʻtkazdi, aniq istiqbolli loyihalarni taklif etdi.

    Ochiq muhokamalar sessiyasi davomida ishtirokchilar aniq loyihaviy takliflar, Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini himoya qilish mexanizmlari, boshqa kompaniyalarning muvaffaqiyatli tajribalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Shuningdek, “G2B” va “B2B” formatlaridagi uchrashuvlar, oʻz navbatida, oʻzaro hamkorlik istiqbollarini tahlil qilish, boʻlajak sheriklarning manfaat va ehtiyojlarini tushunish, yangi gʻoyalar va investitsiya loyihalarini muhokama qilish imkonini berdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Ishbilarmonlar Kengashining 4-yigʻilishi yakunida kelishuvlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda energetika, kimyo sanoati, infratuzilmaviy va uy-joy qurilishi, farmatsevtika, tibbiyot, transport va logistika sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini belgilab beruvchi 15 ta qoʻshma hujjat imzolandi. Shartnomalarning umumiy miqdori 13,1 milliard dollardan oshdi va bu ikki mamlakat oʻrtasidagi soʻnggi 30 yillik munosabatlar tarixidagi eng katta natijadir.