Unda Xitoyning 120 dan ortiq kompaniya va tashkilotlaridan 350 dan ziyod vakil, shuningdek, qoʻshni Afgʻonistonning 46 ta kompaniyasidan 100 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.
G2B va B2B uchrashuvlari hamda muzokaralari yakuniga koʻra, umumiy qiymati 6,2 milliard dollar boʻlgan 63 ta loyiha boʻyicha dastlabki investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi.
Kelishuvlar asosan quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oldi:
— qurilish materiallari ishlab chiqarish — 11 ta loyiha;
— toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati — 8 ta loyiha;
— konchilik sanoati — 10 ta loyiha;
— turizm, taʼlim, qurilish va savdo xizmatlari — 13 ta loyiha.
Forum Hukumat komissiyasining topshirigʻiga asosan, Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev raisligida oʻtkazildi.
Jamshid Xodjayevning taʼkidlashicha, forum doirasida investorlarga Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 10 milliard dollarlik 95 ta istiqbolli loyiha taqdim etildi. Uchrashuv va muzokaralar natijasida esa qiymati 6 milliard dollardan ziyod boʻlgan 63 ta loyiha boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
“Endigi vazifamiz — erishilgan kelishuvlarni yanada puxta ishlab chiqishni taʼminlash va ularni amalda roʻyobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Biz uchun investitsiyaviy muloqotning aniq loyihalarga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish oʻrinlariga aylanishi prinsipial ahamiyatga ega”, — dedi u.
Forumning amaliy qismida Xitoy kompaniyalari vakillari Surxondaryodagi yirik ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib, mavjud quvvatlar, infratuzilma hamda yangi investitsiya loyihalari bilan bevosita tanishdi.