Ko‘rgazmada O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarining "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi yagona milliy stendining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 15 ga yaqin to‘qimachilik korxonalari 200 kv.m dan ortiq maydondan o‘z mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazmoqda.

— Yangi tashkil etilayotgan quvvatlarimiz evaziga biz nafaqat Yevropa balki Amerika va butun dunyo bozorlariga kirib borishga tayyormiz, — deydi ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Namangan yirik uy to‘qimachilik mahsulotlariga ixtisoslashgan "Art Soft Holding" korxonasi rahbari Olimxon Boboxonov. — Shuningdek, raqobatbardosh mahsulotlarimiz orqali o‘z brendimizni tanitgani keldik.  

Textima Export Import GmbH kompaniyasining hududiy savdo bo‘yicha menejeri Nargiza Mahkamova ko‘rgazma taassurotlari haqida o‘rtoqlasharkan, jumladan shunday dedi: — Bugun biz Frankfurt-Mayn shahrida an’anaviy "Heimtextil — 2023" to‘qimachilik ko‘rgazmasida turibmiz. Biz xorijiy kompaniyalar bilan samarali hamkorlik qilib, O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. So‘nggi yillarda mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. O‘zbek uy to‘qimachilik mahsulotlari go‘zalligini butun dunyoga ko‘rsatish uchun bizda ko‘p imkoniyatlar mavjud.

Umuman olganda, 2022 yilda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yillik o‘sish 10,7 foizni tashkil etib, 3,2 milliard AQSH dollaridan oshdi. 2025 yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 7 milliard dollargacha o‘sishi kutilmoqda.

Respublikamizda tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratilayotgani, rahbariyatning mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga intilishi, yangi investorlarni jalb etishga intilishi o‘zining yuksak samara bermoqda.

Germaniyaning "Karl Mayer Stoll Textilmaschinfabrik Deutchland" kompaniyasi vakili Mattias Myullerning fikricha O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari o‘zining yuqori sifati va jozibadorligi bilan e’tiborni tortmoqda. — Men "Darnier" korxonasida ishlaganman va O‘zbekistonga tez-tez kelib turardim. Hozir men Karl Mayer Stoll Textilmaschinfabrik Deutchland kompaniyasida to‘quv-tayyorlash dastgohlari savdosi bilan shug‘ullanaman. Bugun shunday ulkan ko‘rgazmada bo‘lib turganimdan xursandman. Bu yerda eski va yangi hamkorlar bilan uchrashish uchun ajoyib imkoniyat mavjud. Kelgusida samarali hamkorlikni orziqib kutaman. Sizning stendingiz juda chiroyli va ko‘pchilikni o‘ziga jalb qiladi, bu investorlar uchun yaxshi belgidir, — deydi Myuller.