Mazkur xalqaro anjumanda yuzaga kelayotgan iqlimiy xatarlarni prognoz qilish, yumshatish va ularni imkoniyatga aylantirish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida davlat va hukumatlar rahbarlari, davlat idoralari rahbar xodimlari, xalqaro ekspertlar, ilmiy jamoatchilik va biznes vakillari barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qildi. Unda Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etdi.
Sammitni Vengriya, Polsha va Slovakiya prezidentlari, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Bosh kotibi Matias Korman tabrik nutqi bilan ochib berdi. Shundan soʻng pandemiyadan keyin dunyo, iqlim oʻzgarishi va sirkulyar iqtisodiyotga bagʻishlangan uchta tematik sessiyalar oʻz ishini boshladi.
Tadbir doirasidagi “Atrof-muhit oʻzgarishi — xavfdan imkoniyatga” mavzusidagi panel sessiyada Ibrohim Abdurahmonov nutq bilan chiqish qildi. Vazir atrof-muhit oʻzgarishi, sohada yuzaga kelayotgan muammo va xavflar toʻgʻrisida gapirib, Oʻzbekistonda ekologik muammolarni yengib oʻtishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi. Shu bilan birga, yuzaga kelayotgan iqlimiy xatarlarni prognoz qilish, yumshatish va ularni imkoniyatga aylantirish masalalari muhokama etildi.
Vazir 2021-yil 18-mayda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisida Maxsus rezolyutsiya qabul qilingani haqida toʻxtalib, Oʻzbekistonda bugungi kunda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish boʻyicha 7 ta yoʻnalish belgilanganini gapirdi. Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar amalga oshirilayotgani haqida soʻzlab, ulardan ayrimlarga alohida toʻxtaldi.