Qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlar qanday natija berdi?

    2017-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.

    Oxirgi yillarda qishloq xoʻjaligi rivojiga yangi bir turtki bergan bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.

    Jumladan, 2020-2030-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash, klaster tizimini joriy etish, savdoni erkinlashtirish va eksportni ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarni ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berish, suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilganda subsidiyalar taqdim etish, AKIS agroxizmatlar markazini ochish va boshqalar shular jumlasidandir.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2022-yillarda qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tahlil qildi. Unga koʻra, yaratilgan imkoniyatlar mamlakatda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Shunday qilib, paxta hosildorligi gektariga 2017-yildagi 23,8 sentnerdan 2022-yilda 34 sentnerga, sugʻoriladigan maydonlar ulushi 1,7 foizdan 24 foizga koʻpaydi. Ularda suvni tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi, turli xil yoʻnalishlarda 465 ta klaster tashkil qilindi.

    Savdoni erkinlashtirish va eksportni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq qonunchilikdagi oʻzgartirishlar 2017-2022-yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini 1,7 barobarga, yaʼni 652,3 million dollardan 1 milliard 134,3 million dollargacha oshirish imkonini berdi.

    Ayni paytda respublikamizda 3 ming 142 ta issiqxona faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 1 ming 622 tasi keyingi 5 yilda qurilgan. Ularning umumiy maydoni 6 ming 300 gektardan ortiq.

    2019-2022-yillarda Oʻzbekiston Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksida oʻz oʻrnini 12 pogʻonaga yaxshiladi va 85-oʻrindan 73-oʻringa koʻtarildi.