Svalbard Butunjahon urugʻ omboriga Oʻzbekiston ekin urugʻlari qoʻshildi

    Oʻzbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlariga oid urugʻ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng yirik va xavfsiz urugʻ saqlash maskani — Svalbard Butunjahon Urugʻ Saqlash Genbanki (Svalbard Global Seed Vault) ga topshirildi.

    Ushbu muhim tashabbus Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Nordic Genetic Resource Center (NordGen) oʻrtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.

    Mazkur jarayon Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarda muhim bosqich boʻldi.

    Svalbarddagi omborga topshirilgan urugʻlar oʻzbek dehqonchilik madaniyatining bebaho merosi — qadimiy navlar va mahalliy ekotiplarning genetik namunalarini ifodalaydi.

    Kolleksiya tarkibida qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bugʻdoyning 20 dan ortiq mahalliy navlari mavjud. Ayniqsa, bugʻdoyning mahalliy “Qayroqtosh” navi alohida ahamiyatga ega.

    Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining taʼkidlashicha, bu tashabbus Oʻzbekistonning oʻsimliklar xilma-xilligini asrash, global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qoʻshish va genetik resurslarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yoʻlidagi qatʼiy pozitsiyasini namoyon etadi.

    Maʼlumot uchun: Svalbard Butunjahon urugʻ ombori Arktika muzliklari bagʻrida joylashgan boʻlib, -18°C haroratda doimiy ishlaydigan global genbank hisoblanadi.

    Hozirda bu yerda 1,1 milliondan ortiq urugʻ namunalari saqlanmoqda. Ushbu maskan dunyo boʻylab gen banklarida mavjud urugʻlarning zaxira nusxalarini uzoq muddatli saqlashni taʼminlaydi.

    Bunday tizim tabiiy ofatlar, urushlar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli oʻsimlik turlarining yoʻqolib ketish xavfini kamaytiradi va butun dunyo uchun barqaror oziq-ovqat taʼminotini kafolatlaydi.

    Svalbard Butunjahon urugʻ ombori Norvegiya hukumati, Crop Trust tashkiloti va Nordic Genetic Resource Center (NordGen) oʻrtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.