Bugun, Qorakoʻl tumani “Xoʻjalar” MFY hududida «Megaprestij» MCHJ tomonidan barpo etilishi rejalashtirilgan turar joy va savdo majmuasining qurilish jarayonlariga start berildi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi qurilish kompleksi tashkilot rahbarlari, tuman sektor rahbarlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Viloyat rahbari majmua loyihasi bilan tanishar ekan, soha vakillariga majmua qurilish jarayonlariga zamon talablaridan kelib chiqib yondashish, aholi uchun zarur infrastrukturani yaratish va energiya tejamkor resurslardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligini taʼkidladi.

Loyiha tashabbuskori, tadbirkor, Komil Roʻziyev tomonidan yetakchi qurilish tashkilotlarini jalb etgan holda 8 gektardan ortiq maydonda 852 xonadondan iborat 22 ta koʻp qavatli turar joy binolari quriladi. Shu bilan birga tumanda aholi uchun qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 180 oʻrinli bogʻcha hamda 1850 oʻrinli maktab, 2 ta sport majmuasi barpo etilishi ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2 ta zamonaviy oʻquv markazi, mehmonxona hamda koʻngilochar maskanlar qad rostlaydi.

Ushbu majmua “Yangi Oʻzbekiston” massivlari doirasida qurilayotgan dastlabki bunyodkorlik kompleksi boʻlib, kelgusida bu kabi maskanlarni tumanning boshqa hududlarida ham tashkil qilish rejalashtirilgan.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri