Shayxontohur tumanida sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasi haqida maʼlumot berildi

    Toshkent shahri Shayxontohur tumanida oʻt oʻchirish mashinasi va Gentra r ishtirokida YTH sodir boʻldi.

    Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, YTH 11-iyul kuni soat 16:30 larda Shayxontohur tumanining Alisher Navoiy koʻchasida sodir boʻlgan. Olmazor tumani Muhokama koʻchasidagi 14-uyda yongʻin sodir boʻlayotgani yuzasidan kelib tushgan chaqiruvga asosan mazkur manzil tomon harakatlanib ketayotgan 27 yoshli M.A. boshqaruvidagi yongʻin qutqaruv mashinasi hamda 2001-yilda tugʻilgan S.F. boshqaruvidagi Gentra ishtirokida yoʻl transport hodisasi yuz bergan.

    YTH oqibatida Gentra haydovchisiga tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan birinchi yordam koʻrsatilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.