Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari poytaxtning muhim transport yo‘nalishlaridan biri — Maxtumquli ko‘chasidagi transport oqimlarini tahlil qildi.
Harakat intensivligi, transport oqimining kun davomida taqsimlanishi, svetofor sikllarining davomiyligi hamda chorrahalar orasidagi harakatlanish vaqtiga oid ma’lumotlar asosida svetoforlar ishi "yashil to‘lqin" tamoyili bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirildi.
Amalga oshirilgan ishlar doirasida Maxtumquli ko‘chasidagi 11 ta svetofor obyekti o‘zaro muvofiqlashtirildi.
Ushbu yo‘nalishda sutkalik o‘rtacha transport oqimi qariyb 90 mingta avtomobilni tashkil etadi.
Tizim transport oqimining asosiy yo‘nalishini inobatga olgan holda ikki xil rejimda ishlaydi:
00:00 dan 13:00 gacha — Toshkent shahri markazi yo‘nalishida, Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch darajali yo‘l o‘tkazgichdan Amir Temur xiyoboni tomon;
13:00 dan 00:00 gacha — Toshkent viloyati yo‘nalishida, Amir Temur xiyobonidan Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch darajali yo‘l o‘tkazgich tomon.
Muvofiqlashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha hisoblangan harakat tezligi 55 km/soatni tashkil etadi. Tavsiya etilgan tezlikda harakatlanganda avtomobil keyingi chorrahalarda yashil chiroq uchun hisoblab chiqilgan vaqt oralig‘iga ketma-ket tushib boradi.
Amalga oshirilgan optimallashtirish natijasida:
yo‘nalishning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 12 foizga oshdi;
yo‘nalish bo‘ylab o‘rtacha harakatlanish vaqti 10 foizga qisqardi.
Shu o‘rinda muhim jihatni ta’kidlash lozim: "yashil to‘lqin" butun yo‘nalish davomida svetoforning uzluksiz yashil yonib turishini anglatmaydi. Bu — svetofor sikllarining matematik hisob-kitoblar asosida o‘zaro muvofiqlashtirilgan tizimidir.
Haqiqiy harakatlanish vaqti ayni paytdagi yo‘l vaziyatiga ham bog‘liq. Jumladan, transport oqimining zichligi, haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya qilishi, transport vositalarining qator almashtirishi, jamoat transporti harakati, piyodalar uchun ajratilgan fazalar hamda yo‘l holatidagi vaqtinchalik o‘zgarishlar bunga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yo‘l-transport hodisasi, harakat tasmasining vaqtincha yopilishi, yo‘l-ta’mirlash ishlari yoki ma’lum bir hududda transport oqimining keskin ortishi kuzatilgan holatlarda harakat ko‘rsatkichlari hisoblangan parametrlardan vaqtincha farq qilishi mumkin. Yo‘ldagi vaziyat me’yoriga qaytgach, muvofiqlashtirilgan tizim belgilangan rejimda ishlashda davom etadi.
Shunday qilib, "yashil to‘lqin" tizimining asosiy vazifasi — avtomobilning har bir to‘xtashini butunlay bartaraf etish emas, balki to‘xtashlar sonini imkon qadar kamaytirish, chorrahalardagi kutish vaqtini qisqartirish va butun yo‘nalish bo‘ylab transport oqimining bir maromda harakatlanishini ta’minlashdan iborat.
Natijada yo‘lning qatnov qismini jismonan kengaytirmagan holda mavjud ko‘cha-yo‘l infratuzilmasidan yanada samarali foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Markaz mutaxassislari Toshkentning boshqa hududlarida ham transport oqimlarini tahlil qilish va svetoforlarni o‘zaro muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.