Shota Rustaveli koʻchasi rekonstruksiyasining moliyalashtirilishi boʻyicha tushuntirish berildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Shota Rustaveli koʻchasini qayta qurish loyihasi koʻrsatkichlari notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

    Toshkent shahar hokimligi mazkur masala yuzasidan tushuntirish berdi.

    Qayd etilishicha, baʼzi manbalarda keltirilgan 198 million AQSH dollari miqdoridagi summa faqat bitta koʻchani qayta qurish loyihasiga tegishli emas. Gap transport tarmogʻi va unga tutash hududlarni (piyodalar yoʻlaklari, velosipedchilar yoʻlaklari, sugʻorish, yoritish, drenaj tizimlari va boshqalar) modernizatsiya qilish boʻyicha keng qamrovli infratuzilmaviy tadbirlarni oʻz ichiga olgan doiraviy kelishuv haqida bormoqda.

    Ushbu hujjat dastlabki xarakterga ega — aniq shartlar, hajmlar, muddatlar va smeta hisob-kitoblari alohida loyiha bloklarini tayyorlash jarayonida aniqlanadi.

    Mazkur kelishuv doirasida oʻrtacha 50 million AQSH dollariga teng boʻlgan ishlarning birinchi bosqichi Shota Rustaveli koʻchasini kompleks qayta qurish, shuningdek, Amir Temur xiyoboni, Shahrisabz koʻchasi va Olmazor tumanida joylashgan boshqa muhim uchastkalarni yangilashni oʻz ichiga oladi. Yuqorida keltirilgan taqdimot lavhasida bu ishlarning bir qismi koʻrsatilgan.

    Toshkent shahar hokimligi barcha loyihalar amaldagi qonunchilikka qatʼiy rioya qilgan holda, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga amal qilgan holda amalga oshirilayotganini taʼkidlaydi. Barcha dolzarb maʼlumotlar jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib boriladi.