Mazkur loyiha konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.

Tahlillarga koʻra, hozirda ushbu yoʻnalishda transport oqimining 92−94 foizini yengil avtomobillar tashkil qiladi. Jamoat transportining ulushi esa oʻta past (1 foizga ham yetmaydi). Bu yoʻl oʻtkazuvchanligini pasaytirib, tirbandliklarni keltirib chiqarishi qayd etilgan.

Loyiha Toshkent shahrining Bektemir tumani (Qoʻyliq bozori hududi)dan boshlanib, Oʻrtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari orqali oʻtib, Nurafshon shahrida yakunlanadi. Uning umumiy uzunligi 23 km boʻlib, 19,2 km qismi qayta quriladi.

Loyiha doirasida:

  • yoʻl I-toifali shahar magistrali darajasigacha kengaytiriladi;
  • harakat tezligi 80–100 km/soatgacha oshiriladi;
  • BRT uchun alohida ajratilgan yoʻlak tashkil etiladi;
  • 9 ta zamonaviy avtobus bekati quriladi;
  • 2 ta transport bogʻlamasi, 5 ta koʻprik va 9 ta yerosti oʻtish yoʻli barpo etiladi;
  • “aqlli transport tizimi” (ITS), videokuzatuv va LED yoritish joriy etiladi.

Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, loyiha amalga oshirilgach:

  • Toshkent–Nurafshon oʻrtasidagi qatnov vaqti 2 barobarga qisqaradi;
  • kunlik 150 mingdan ortiq aholi uchun harakat qulay va xavfsiz boʻladi;
  • BRT orqali kuniga 50 minggacha yoʻlovchi tashish imkoniyati yaratiladi.

Hozirgi vaqtda mazkur yoʻnalishda transport oqimining 90 foizdan ortigʻini yengil avtomobillar tashkil etmoqda, jamoat transporti ulushi esa juda past. Loyiha ana shu muammoni hal etishga qaratilgan.

Loyihaning dastlabki qiymati 119,6 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Xarajatlarning asosiy yoʻnalishlari quyidagicha taqsimlangan:

Qurilish qiymati — 113 mln 945,4 ming dollar. Mazkur yoʻnalish tarkibidagi ish turlari va ularning qiymati (ming dollarda):

  • Yoʻl ishlari (Asfalt-beton qoplamasi): 61 577,7;
  • koʻpriklar va suv quvurlari boʻyicha ishlar: 5266,1;
  • BRT stansiyalari boʻyicha ishlar (9 dona): 16 330,6;
  • muhandislik tarmoqlari boʻyicha ishlar: 8034,5;
  • yoritish tizimi: 6898,6;
  • ITS (Intelligent transport system): 13 354,3;
  • koʻkalamzorlashtirish ishlari: 2483,4;

Shuningdek, koʻzda tutilmagan xarajatlar uchun 5 mln 697,3 ming dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Qurilish ishlari 2027–2028-yillarda amalga oshirilib, 2028-yil yakuniga qadar loyihani toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha Toshkent aglomeratsiyasi rivojiga kuchli turtki berib, transport tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.