Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank tomonidan Oʻzbekiston milliy valyutasi – “soʻm” ning ramzi tasdiqlanganligi va ushbu ramz Fransiya “N-CORE systems” kompaniyasining logotipidan oʻgʻirlab olinganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ushbu holatga intellektual mulk obyektidan, xususan, tovar belgisidan noqonuniy foydalanish sifatida baho berilmoqda.

Fransiya “N-CORE systems” kompaniyasining belgisiga oʻxshash boʻlgan belgilar dunyoning bir qator davlatlarida (AQSH, Kanada, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Hindiston) ham foydalanib kelinadi.

Taʼkidlash joizki, intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi territorial (hududiy) xarakterga ega. Boshqacha aytganda, intellektual mulk obyekti maʼlum bir davlat hududida huquqiy himoyadan foydalanadi. Shu jumladan, tovar belgisi ham tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng huquqiy muhofazaga ega boʻladi.

Fransiya “N-CORE systems” kompaniyasining belgisi Oʻzbekiston Respublikasida tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtmagan va muhofaza qilinmagan.

Ushbu holatni mualliflik huquqi nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish toʻgʻrisida Bern konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq mualliflik huquqi yaratish fakti boʻyicha yuzaga keladi va uning yuzaga kelishi hamda amalga oshirilishi uchun roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar) mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi.

Shuni taʼkidlash joizki, mazkur belgini tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish va muhofaza qilish maqsadida Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinmagan. Agar, ushbu belgini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinsa, holat ekspertlar tomonidan toʻliq oʻrganilib, tegishli tartibda xulosa beriladi.