Purviqor togʻlari, xushmanzara tabiati bilan har qanday kishini maftun etgan koʻhna Soʻxda yangi hayot nafasi hukumron. Bugun kunda togʻli qishloqda boʻlganlar aholi turmush tarzini yaxshilash, farovonligini oshirish yoʻlida olib borilayotgan yangilanishlardan bahra oladi, havas qiladi.

Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida hududni bunyodkorlik va obodlik manziliga aylantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va sogʻligʻini taʼminlash, yoshlarga taʼlim-tarbiya berish kabi sohalardagi ezgu vazifalar oʻz ifodasini topgan. Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan manzilli dasturda 146 ta loyiha joy olgan boʻlib, ular ijrosiga 639 millirad soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi va buning natijasida 11 mingdan ortiq aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan edi. Bu vazifalarning amalga oshirilishi yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni ham bosqichma-bosqich hal etilishiga xizmat qilyapti.

Koʻhna maskanda yangi hayot nafasi

— Yoʻl, suv, elektr, aholi bandligini taʼminlash ayni kunning muhim amallariga aylangan, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Sodiqjon Mirzayev. — Shu kunga qadar 27 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 27 kilometr yoʻlda asfaltlashtirish, 25 kilometr masofadagi yoʻlaklarda sementlashtirish ishlari olib borildi. 60 kilometr yoʻl shagʻallashtirildi va hozirda ular atrofi obodonlashtirilyapti. Aholiga elektr energiyasi yetkazib berishni yaxshilash maqsadida 1200 dona simyogʻoch, 26 dona transformator oʻrnatilib, 45 kilometrlik tarmoq tortildi.

Togʻ hududidagi boʻsh turgan yerlarga suv chiqarish orqali ularni oʻzlashtirish, dehqonchilik, bogʻdorchilik anʼanalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilyapti. Shu maqsadda “Qayroq” massivida qurilishi olib borilayotgan yangi koʻtarma suv nasos tarmogʻi mavjud muammolar yechimida qoʻl keladi. Qurilayotgan stansiya loyihasining umumiy qiymati 92 milliard soʻm boʻlib, 211 metr balandlikda joylashgan 1400 gektardan ziyod maydonni suv bilan taʼminlaydi. “Soʻxgidroqurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan stansiyaga 3 dona Germaniyada ishlab chiqarilgan nasos hamda 1800 kVt. hajmdagi elektrodvigatel oʻrnatilib, Soʻx daryosidan suv olish toʻgʻoni barpo etilmoqda.

— Suv bor joyda hayot qaynaydi, rivojlanish, yangi tashabubslar qanot yozadi, — deydi “Guzari omadi odina” koʻptarmoqli xususiy korxona rahbari Mahmmadnazar Nurmatov. — Uch gektar yerga intensiv usulda, tomchilatib sugʻorish orqali bogʻ tashkil etyapmiz. Unga Soʻx daryosidan suv olib keldik. Bu bogʻlarimizni kengaytirish, sara olma, nok, oʻrik mevalari yetishtirish hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratishda asqotyapti.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yangi tashabbuslarni hayotga joriy qilishga daʼvat etyapti, ularga moliyaviy qanot boʻlyapti. Hozirga qadar tadbirkorlarning 140 ta loyihasiga imtiyozli kreditlar ajratildi. Bunda “Hazrati Ali“ mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasining ahamiyati katta. 3 gektar maydonni egallagan bu hududda 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilishga kirishildi. Ularning umumiy qiymati 11 milliard 250 million soʻmga teng boʻlib, qurilish materiallari, oziq-ovqat, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxonalarda 250 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi.

Eʼtiborli jihati, aholi gavjum hududda joylashgan kichik sanoat zonasi yaqinida koʻp qavatli turar-joylar, sport maydonchalari qurilishi yangi sanoat shaharchasi paydo boʻlishga zamin hozirlamoqda.

“Sohibkor” mahalla fuqarolar yigʻinida qurib bitkazilgan “Yoshlar mehnat guzari” xotin-qizlarni kasbga yoʻnaltirish, ish bilan taʼminlashda oʻziga xos oʻringa ega. Binoda joylashgan fitnes-klubda 100 dan ortiq mahalliy yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etildi.

Togʻ qishloq sanoatlashmoqda

Soʻxda vujudga kelayotgan yangi korxonalar ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, raqobatdosh mahsulotlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini berayotgani bilan eʼtiborni tortadi. Ayni kunda hududda sanoat yoʻnalishida umumiy qiymati 116 milliard 129 million soʻm boʻlgan 38 ta yangi loyiha ham amalga oshirilmoqda. “Oqsaroy Point” MCHJ ana shunday korxonalar sirasiga kiradi. Bu yerda qurilish tarmoqlari, uy-joy qurilishlari uchun zarur boʻlgan beton plita va lotoklar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

— Korxona faoliyatni kengaytirish maqsadida Xitoydan umumiy qiymati 106 ming AQSH dollariga teng boʻlgan pishiq gʻisht ishlab chiqarish uskunasi olib keldik, — deydi korxona rahbari Olimjon Dodomullayev. — Shu kunga qadar bu mahsulotlarni chetdan katta sarf -harajatlar hisobiga keltirilar edi. Yangi quvvatimiz bu boradagi ortiqcha harajat va ovvoragarchiliklarga barham berishi bilan birga, oʻnlab yangi ish oʻrinlari tashkil etishda qoʻl keladi.

Ana shunday istiqboli loyihalar ustida ish olib borayotgan tashabbuskorlar koʻp. Masalan, “Xonguzari Mirzobek” xususiy korxonasi umumiy qiymati 104 ming AQSH dollariga teng zamonaviy MDF eshik romlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uskunalar olib keldi. Bu olis qishloqda import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hajmini sezilarli ravishda oshirmoqda.

Oʻtgan yilda tumanda umumiy qiymati 27,6 milliard soʻm boʻlgan 31 ta loyiha amalga oshirilib, 461 ta ish oʻrni yaratilgani hududning sanoatlashib borayotganidan dalolat beradi.

Yigirma sotixdan yer ajratildi

Soʻxliklar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda mirishkor. Togʻ sharoitida baʼzi hududlarda suv tanqisligi sezilsa-da, yer bilan tillashishning hadisini olishgan. Sarxil, tabiiy toza, haridorgir meva-sabzavotlar oʻzlaridan ortib, ichki va tashqi bozorda sotishadi.

Aholi xonadonlardagi tomorqalardan samarali foydalanish maqsadida tumandagi jami 668 gektar aholi tomorqalarining
330 gektariga kartoshka, 180 gektariga sabzavot, 26 gektariga dukkakli va 132 gektar yer maydonlariga boshqa ekinlar ekish koʻzga tutilgan. Ayni kunda tomorqa xoʻjalkilarida yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash tarmoqlari faoliyatini kengaytirishga ham eʼtibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar “Hazratillo” xususiy korxonasi hamda “Sohibkor” fermer xoʻjaligi tomonidan umumiy sigʻimi 400 tonna boʻlgan meva-sabzavotlarni saqlash muzlatgichlari ishga tushirildi. Bu sarxil mahsulotlari sifatli saqlash, kerakli vaqtda qulay narxlarda sotish, mahsulotlar uzluksizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

— Qayroq, Vargan, Toyon, Javpaya, Dukur massivlaridagi hamda “Soʻx”, “Ozod”, “Hushyor” shirkatlari hududida qishloq xoʻjaligida foydalanmaydigan yerlarni oʻzlashtirish orqali fuqarolarga 20 sotixdan dala tomorqalari uchun yer maydoni berilib, har biriga 2,2 mln soʻmdan subsidiya ajratildi, — deydi Mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi oʻrinbosari Rasuljon Mirsaidov. — Shu kunga qadar bu yoʻnalishlar uchun taqdim etilgan 261,6 million soʻm subsidiya hisobiga 128 ta dala tomarqasi tashkil qilindi. Bu yerlarda sugʻorish vositasini oʻrnatish, tomchilab sugʻorishni yoʻlga qoʻyish, intensiv bogʻlar barpo etish, issiqxonalar qurish koʻzda tutilgan. Asosiy maqsad – aholi bandligini taʼminlash, ularni kambagʻallikdan chiqarishdan iborat.

Olis soʻx yana-da yaqin boʻladi

Chegaradosh hudud aholisini bir necha yillardan boʻyon qiynab kelayotgan yoʻl muammosi yaqin oylarda oʻz yechimini topadi. Tumandagi “Novobot” mahalla fuqarolar yigʻini hududida umumiy maydoni 7 gektar boʻlgan samolyot va vertolyotlar uchun uchish- qoʻnish maydonlari qurilishi boshlandi. Bu vazifani bajarish “Soʻx asfalt-beton qurilish” MCHJ zimmasiga yuklatildi. Bu yerda umumiy qiymati 7 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida 6 oy ichida qurib bitkaziladigan aeroport orqali “Humo AIR” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda “Uzbekistan Helicopters” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb etgan holda, Soʻxdan Fargʻona hamda Qoʻqon yoʻnalishlari boʻylab aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi moʻljallanyapti. Kichik aviatsiya qatnovi aholi uchun maqbul narxlarda belgilanadi.

— Mana endi oʻz aeroportimiz ham boʻladi, — deydi mehnat faxriysi Bahodirjon Obidjonov. — Yangi inshoot qurilishi soʻxliklar kundalik hayot tarzida muhim ahamiyatga ega. Bu yoʻnalishda boshlangan amaliy ishlar uzogʻimizni yaqin, ogʻirimizni yengil qilish imkonini beradi.

Qurilish maydonchasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan viloyat rahbari Xayrullo Bozorov soʻxliklarga Prezidentimizning samimiy tilaklarini yetkazdi. Viloyat hokimi davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan tumanga sanoatni olib kirish, aholi bandligini taʼminlash, turmush tarzini oshirish boʻyicha katta ishlar boshlanganligini taʼkidladi. Tumandagi uchrashuv va muloqotlarda bundan buyon islohotlar “mahallabay” tizimi asosida, har bir maskanning “oʻsish” nuqtasini aniqlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshiriladigan manzilli ishlarning rejalari kelishib olindi.

Tabiat chorlaydi

Soʻx hushmanzara tabiati, moʻtadil iqlimi, tiniq buloqlari bilan har qanday kishini oʻziga maftun eta oladi. Osmonoʻpar archali togʻlari, joʻshqin daryolari bilan mashhur. Bu ekoturizm, agroturizm, qishloq turizmi hamda etnoturizm, tibbiyot va alpinizm turlarini rivojlantirish uchun ayni muddoa.

Xoʻja Orif, Qulfi Zanjirkushod, Sulton Mahmud Gʻaznaviy, Xazrati Ali hamda Rovon ziyoratgohlari yillar davomida mehmon va mezbonlar bilan fayzli. 1890-yili Soʻx tumani hududidan ilon shakli boʻrttirib tushirilgan tosh tumor topilgan. Arxeologlarning aniqlashicha, bu tumor miloddan avvalgi 3 ming yillik oxiri —2 ming yillik boshlariga mansub.

Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston sari yurishidan avval bir yil Soʻxda turganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud.

— Turizmni rivojlantirish maqsadida yangi shakllantirilgan Investitsiya dasturi doirasida 3 ta loyiha amalga oshiriladi, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari Ilxomjon Tojiboyev. — Ayni kunda “Guzari Omadi Odina” MCHJ tomonidan mehmonxona xizmati tashkil etildi. Bundan tashqari, “Kardio servis al hakim” xususiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 1 milliard 200 million soʻm boʻlgan tibbiy turizm-davolash maskani, “Obishir biznes servis” MCHJ va “Sarikanda Oromgoxi” korxonalari mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasini qurish borasida ish olib bormoqda. Bu dam olish va sayohat qilish istagida boʻlgan mehmonlarga oʻziga xos qulayliklar yaratadi.

Bolajonlar quvonchi

Tumandagi “Sarikanda” va “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari foydalanishga topshirilganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Ularda kichkintoylar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shu kunga qadar tumanda yangi ochilgan bunday oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 16 taga yetdi. Buning natijasida bir yoʻla 380 nafar bolani boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlariga qamrab olgani holda, 32 ta yangi ish oʻrni yaratdi.

— Bundan tashqari, 11 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari ixtiyoridagi boʻsh turgan xonalar taʼmirlanib, qoʻshimcha bir yillik majburiy taʼlim va qisqa muddatli guruhlar ochildi, — deydi tuman maktabagacha taʼlim boʻlimi mudiri Gulnoza Usmonova. — Maktabgacha taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli 6 yoshgacha boʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga qamrab olish darajasi oʻtgan yilga nisbatan 138 foizga oshdi.

Maʼlumot oʻrnida aytganda, joriy yilda “Oftobru” MFY da 240 oʻrinli yangi maktab quriladi, 4 ta umutaʼlim maktabi rekonstruksiya qilinadi va mukammal tamirlanadi.”Qaqir” mahalla fuqarolar yigʻinida zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etiladi.

Koʻhna maskanda boʻlgan kishi ana shunday xayrli oʻzgarish, bunyodkorliklarga hamoxang yashayotgan soʻxliklarning quvonch va shodliklariga guvoh boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Oloy togʻ tizmalari boʻylab yastanib ketgan tumanida boshlangan islohotlar kundan kunga boʻy koʻrsatmoqda.

Rasuljon KAMOLOV,

jurnalist

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi.