Senat raisi dastlab Qoʻshtepa tumanida sektorlar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, tumanni “qizil” toifadan chiqarish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tumanning “Istiqbol” MFYda “mahallabay” ishlash “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga koʻrsatilgan tibbiy, moddiy va maʼnaviy koʻmak, ularni bandligini taʼminlash, tomorqalardan maqsadli foydalanish holatlari oʻrganildi. Senat raisi Saodatxon Umarova, Matlubaxon Mirzayeva va Maʼmuraxon Turgʻunovalar xonadonida boʻlib, ularni “ayollar daftari”dan chiqarish borasida qilingan ishlar bilan tanishdi.
Bu fuqarolarga mahalliy hokimlik tomonidan subsidiyalar asosida issiqxonalar qurib berilgan boʻlib, hozirda issiqxonalarda bulgʻorqalampir, bodring kabi poliz ekinlari yetishtirilmoqda.
Bu fuqarolarga karantin davrida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari orqali moddiy va maʼnaviy koʻmak muntazam ravishda koʻrsatildi. Uy-joylari taʼmirlandi.
– Ayollari baxtli yurt – baxtiyor yurtdir. Shuning uchun Sizlar bilan muloqot qilish, muammolaringni tinglash va hayotdan rozi boʻlib yashashlaringga koʻmaklashish maqsadida oʻzim keldim, - dedi Tanzila Narbayeva.
Munojatxon Boqiyevaning 4 nafar farzandi bor. Bu oila uy-joyga muhtoj edi. Tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi bilan foydalanilmay kelgan noturar bino tadbirkor tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib oʻnlab muhtoj va koʻp bolali oilalarga topshirilmoqda.
Tanzila Narbayeva ushbu obyektda boʻlib, 3 ta “ayollar daftari”da boʻlgan ayollarga yangi uylarning kalitlarini tantanali ravishda topshirdi. Xususan, Munojatxon Boqiyeva ham 3 xonali uy egasi boʻldi.
Hayotdan rozi boʻlgan qoʻshtepalik ayollar Tanzila Narbayeva Shukronalik dil izhorlari tushirilgan Tashakkurnoma topshirdilar.
“Abdulhamid Abdurashid fayzi” MCHJga qarashli yoshlar kooperatsiyasi rahbari Akmaljon Karimovning eʼtirof etishicha 7,2 gektar yer maydoni 24 nafar “yoshlar daftari”ga kiritilgan 30 sotixdan yer-maydoni ajratib berildi.
Hozirda yoshlar bu yerlarga tarvuz va qovun ekkanlar. Senat raisi mazkur dala maydonida boʻlib yoshlar bilan suhbatlashdi.
Senat raisining viloyatdagi oʻrganishi davom etmoqda.
Shohsulton Toʻxtamatov,
jurnalist