Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutidan maʼlum qilishlaricha, tahlil UN Comtrade maʼlumotlar bazasidagi ikkita indeks - RCA va LFI ni hisob-kitob qilish asosida amalga oshirildi (RCA - aniqlangan qiyosiy ustunlik indeksi, LFI - bu qiyosiy ustunlikni sof savdo oqimlariga boʻyicha maʼlumotlar asosida hisoblaydigan tovar indeksi).

Hisob-kitoblar uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN)ning 2017-2021-yillar oraligʻidagi 6 ta qiymatli kodi koʻrsatkichlari asos sifatida olindi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston tovarlarining tashqi bozorda aniq qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan 36 ta va qiyosiy ustunlikka ega boʻlmagan 58 ta guruhi aniqlandi. Tovarlarning qolgan 33 ta guruhi boʻyicha qiyosiy ustunlikning mavjudligi yoki yoʻqligi aniq emas va ular bozor sharoitiga bogʻliq.

2017-2021-yillarda jahon bozorida eng katta qiyosiy ustunlikka ega boʻlgan mahsulotlar 10 taligiga loviya, oʻrik, xurmo, mayiz, olxoʻri qoqi,  gilos, turshak, olma qoqi, qisqa muddat saqlash uchun moʻljallab konservalangan, lekin bu shaklda ozuqa sifatida isteʼmol qilish uchun yaroqsiz boʻlgan boshqa sabzavot va oʻsimlik aralashmalari kiradi.

Oʻtkazilgan tadqiqot jahon bozorida asosan sarhil meva-sabzavotlar yoki chuqur qayta ishlanmagan mahsulotlar raqobatbardosh ekanligini koʻrsatdi. Keyingi bosqichda meva-sabzavotlar va ularni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deyiladi institut xabarida.