Mehnatga layoqatsizlik varaqasi quyidagi hollarda beriladi:

— fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi;

— oilaning betob a'zosini parvarishlaganligi;

— protez qo'ydirganligi;

— sanatoriy-kurortda davolanganligi;

— sog'lig'i holatiga ko'ra boshqa ishga o'tkazish uchun;

— karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini tasdiqlash uchun.

Adliya vazirligi Huquqni qo'llash departamenti mas'ul xodimi T.Azimovning bergan ma'lumotlariga ko'ra,  Mehnatga layoqatsizlik varaqasi davlat sog'liqni saqlash tizimi davolovchi shifokorlari,  davlat tashkilotlarining o'zlariga qarashli davolash-profilaktika muassasalari,   xususiy klinikalar tomonidan beriladi.

O'quvchi, talaba, magistrant, klinik ordinator va katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning o'qishga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomasi bilan tasdiqlanadi.

 Quyidagilar tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqalari berilishi taqiqlanadi:

— Tez tibbiy yordam xizmati

— Shifoxonalarning qabul bo'limlari;

— Sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;

— Pantsionat va sanatoriy-kurortlar (sil kasalliklari sanatoriyalari bundan mustasno);

— Fizioterapiya, davolash jismoniy tarbiyasi va sport tibbiyoti ixtisosliklari bo'yicha tibbiy muassasalar.

Olis hududlarda yashovchi fuqarolarga  davolash profilaktika muassasalarida bitta davolovchi shifokor faoliyat ko'rsatgan taqdirda, bir oygacha muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi mumkin.

Eslatib o'tamiz, harbiy xizmatchilarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilmaydi. 

Kasallik va shikastlanganlik bo'yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor murojaat qilgan tibbiyot muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan boshlab beriladi. Shuni yodda tutish kerakki, qonunchilikda nazarda tutilgan istisno holatlardan tashqari mehnatga layoqatsizlik varaqasi o'tkazib yuborilgan kunlarga berilmaydi.

Xodim ish kuni yakunidan so'ng yoki talaba o'qish tugatganidan so'ng murojaat qilsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi keyingi kalendar` kunidan rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, Fuqaro o'zini kasalga solib shifokorga murojaat qilsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi fuqaro shifokor tomonidan shaxsan ko'rikdan o'tkazilgandan so'ng mehnatga layoqatsizlik aniqlanganda beriladi. 

Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka o'zi besh kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishi mumkin. Besh kalendar kunidan oshganda mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddati davolovchi shifokor va bo'lim mudiri tomonidan har safar o'n kalendar kundan ortiq bo'lmagan muddatga uzaytiriladi.