— Har qanday yuqumli kasallik mavsumiy boʻlib, nafas yoʻllarining yuqumli xastaliklari, asosan, kuz-qish mavsumida va qisman bahor oylarida sezilarli darajada ortadi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvoitjon Gafurov.— Natijada “103” xizmatiga shamollash, gripp kabi oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga chalinish bilan bogʻliq murojaatlar yilning boshqa davrlariga nisbatan biroz koʻpayadi.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning sentyabr oyi va oktyabrning dastlabki oʻn kunligida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga oʻtkir respirator kassaliklar boʻyicha kelib tushgan chaqiriqlar asosida 132 ming nafardan ziyod bemorga sifatli tibbiy yordam koʻrsatilib, ularning 9 ming 947 ta nafari gospitalizatsiya qilindi.
Taqqoslash uchun aytsak, oʻtgan yilning ayni shu davrida jami chaqiriqlar soni 150 ming 768 tani tashkil qilgan edi.
Aytish lozimki, joriy yil sentyabr oyida mamlakatimiz boʻyicha “Tez yordam” xizmatiga OʻRVI boʻyicha boʻlayotgan kunlik murojaatlar soni oʻrtacha 3 ming 200 tani tashkil qilgan boʻlsa, eng koʻp chaqiriq 25-sentyabr sanasiga toʻgʻri keldi va shu kuni 3 ming 829 ta murojaat qabul qilindi. Eng kam chaqiriq esa 8-sentyabr kuni kuzatilib, ushbu sanada murojaatlar soni 3 ming 17 tani tashkil qildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati