Bu yil Toshkent viloyati dalalarida 10 ming gektar yer maydoniga soya ekish rejalashtirilgan boʻlib, mavsum boshidan buyon 4 ming 555 gektarga yerga urugʻ qadaldi. Oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar koʻp soya hosili yetishtirish moʻljallangan.

Yangiyoʻl va Quyi Chirchiq tumanlari mirishkorlari bu yil moʻljalni yuqori olib, davlatga barakali xomashyo sotish rejasini bajarishni niyat qilgan.

Soya ekish ishlariga 75 dan ziyod yuqori unumli ekish seyalkalari jalb etilgan boʻlib, ekish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha nazorat oʻrnatilgan.

Soyaning asosan (YES MENTOR RS-2), (Solena RS-2) Mentor, Optima Slaviya, Silena navlari ekilyapti.

Soya doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy borligi olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan boʻlib, xalq xoʻjaligida 400 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishda undan foydalaniladi.

Soyadan tashqari, viloyatda kunjut va kungaboqar oʻsimliklarini ekish ham alohida eʼtiborga olingan. Kungaboqar oʻsimligi ham jahonda eng koʻp tarqalgan moyli ekinlardan sanaladi. Bugungi kunda 3 080 gektar maydonda kungaboqar oʻsimligi ekish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.