Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda viloyat aholisining 54,9 foizi markazlashgan manbalardan toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Yurtimizning boshqa hududlari kabi soʻnggi yillarda viloyat aholisini ham markazlashtirilgan ichimlik suv bilan taʼminlash, shu jumladan markazlashtirilgan suv taʼminoti sifatini oshirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholini markazlashtirilgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun Buxoro viloyatida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda
Jumladan, Olot va Qorakoʻl tumanida istiqomat qilayotgan aholining suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha Jahon bankining 139,0 million AQSH dollar kredit mablagʻlari hisobidan mazkur tumanlardagi 230 ming aholini toʻliq toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetkazilmoqda.
Shuningdek, Buxoro va Kogon shaharlari oqava tizimlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha ham ishlar olib borilayotgan boʻlib mazkur tadbirlarga Jahon bankining jami 55,0 mln AQSH dollar mablagʻlari hisobidan qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur tadbirlar yakuni bilan Buxoro va Kogon shaharlarida istiqomat qiluvchi aholiga yuqori oqava xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi PQ-5048-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida, joriy yilda aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi va oqava xizmatlari bilan taʼminlash maqsadida byudjet mablagʻlaridan jami jami 13,5 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, mazkur mablagʻlar hisobidan 437,7 km ichimlik suv va oqava tarmoqlari 18 ta suv inshootini quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Natijada, Dastur doirasida tumanlar va shaharlar hududlardagi jami 80,4 ming nafar aholining markazlashtirilgan ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi, xususan 61,1 ming nafar aholi ilk bor markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Bugungi kunda mazkur tadbirlar boshlab yuborilgan boʻlib barcha obyektlarda pudrat tashkilotlari belgilangan. Obyektlarga zarur qurilish materiallari yetkazilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri