Bugungi globallashuv shiddati mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol yigit-qizlar etib voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori ayni maqsadlarga xizmat qilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Ushbu hujjat asosida tashkil etilgan mazkur harakat ayni paytda 300 mingdan ortiq yoshni atrofida birlashtirib, harbiy-vatanparvarlik, milliy gʻoya va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻziga xos oʻrin tutmoqda.
Mamlakat miqyosida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 10 ming 201 ta, Prezident maktablarida 14 ta, ixtisoslashtirilgan hamda sport maktablarida 203 ta “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati guruhlari tashkil etilgan.
Mazkur guruh aʼzolari Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi harbiy-texnik mutaxassisliklarni tayyorlash markazlarida oʻqitildi. Shulardan 3000 ga yaqini muddatli harbiy xizmatga yoʻl oldi. Joriy oʻquv yilidan nodavlat taʼlim muassasalarida 275 ta, akademik litseylarda 60 ta, texnikumlarda 469 ta “Vatan tayanchi” guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Harakat tomonidan oʻtkazilayotgan “Turon yoʻlbarslari”, “Vatanparvarlar”, “Shunqorlar”, “Shijoat va gʻayrat” kabi harbiy-sport musobaqalari yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, maʼnaviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga yuksak hurmat ruhida tarbiyalash, harbiylik kasbiga qiziqishni oshirish, maʼnaviy-jismoniy chiniqtirish hamda jamoaviy ishlash koʻnikmasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, mazkur harakatning eng sara aʼzolaridan tashkil topgan tarkib Qozogʻistonda oʻtkazilgan harbiy-vatanparvarlik yigʻinida Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus va Rossiya yoshlari orasida turli shartlar boʻyicha rekord natijalarni qayd etib, faxrli oʻrinlarni egalladi.
Eng muhimi, umumtaʼlim maktablarida chaqiruvga qadar tayyorgarlik fani sinflari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, oʻquvchilarning nazariy bilim olishi bilan birga amaliy mashgʻulotlarni puxta oʻzlashtirishiga zamin hozirlandi. Shu tariqa oʻtgan davrda 500 mingdan ortiq yosh “Vatan tayanchi” harakati aʼzosi boʻldi.
“Vatan tayanchi” guruhlari aʼzosiga oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun toʻplangan ballaridan besh foiz qoʻshimcha imtiyozli ball beriladi. Harakat ishtirokchilari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida tashkil etilgan chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklarga tayyorlash markazlarida chavandozlik, aloqachilik, oshpazlik yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitiladi va muddatli harbiy xizmatda mutaxassisligi boʻyicha xizmatni davom ettiradi.
“Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faqat aʼzolar sonini oshirishni emas, balki oʻz kelajagini harbiy xizmat bilan bogʻlash orzusidagi oʻgʻil-qizlar uchun puxta tayyorgarlikning dastlabki qadami sifatida yanada rivojlanishni maqsad qilgan. Ayni yoʻnalishdagi islohotlar esa sifat va samaradorlikni muttasil oshirishga xizmat qilyapti.
Eʼtiborlisi, oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish istagidagi yoshlar safi yildan yilga kengayib bormoqda. Agar buni harakat doirasidagi raqamlarda koʻrib chiqsak, 2023/2024 oʻquv yilida 1926 ishtirokchiga imtiyoz berilgan boʻlsa, shundan 221 nafari, 2024/2025 oʻquv yilida esa imtiyoz berilgan 3372 ishtirokchidan 238 nafari oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan.
Asosiy vazifamiz erkin fikrlaydigan, yuksak bilimli, jamiyatda munosib oʻrin egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakati, xalqi va oilasining farovonligi hamda yanada rivojlanishiga hissa qoʻsha oladigan vatanparvar yoshlarni tarbiyalashdir. Ustuvor maqsadimiz esa oʻquvchi-yoshlarni tuzilayotgan guruh atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, oʻquv-tarbiyaviy tadbirlarni oʻtkazishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, oʻquvchilarda oʻqish va intizom boʻyicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uygʻotish hamda ularga oʻrnak boʻlish.
Qisqasi, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati doirasidagi ishlar yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini yanada oshirish, ularning ajdodlarimizga mos avlod boʻlib ulgʻayishida muhim oʻrin tutayotir.
Akobir NURULLAYEV,
“Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar
harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari