Prezidentimiz yaqinda Fargʻona viloyatiga safari davomida “Global Textile Solutions” paxta-toʻqimachilik klasteri bilan tanishar ekan, barcha viloyatlar hokimlariga mazkur korxona tajribasini oʻrganib, oʻz hududlarida qoʻllash boʻyicha topshiriq bergan edi. 

Shundan kelib chiqib, Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev boshchiligidagi rasmiy delegatsiya ushbu klasterga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida nafaqat Qoraqalpogʻiston Vazirlar Mahkamasi Raisi va viloyatlar hokimlari, balki ularning investitsiya va qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, vazirlar va ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, tijorat banklari rahbarlari ham bor edi.

Mehmonlarga dastlab Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi “Global Textile Solutions” misolida klasterlarda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar haqida maʼlumot berdi. Shundan soʻng korxona boʻyash sexi va matolar sifatini nazorat qilish laboratoriyasi,  yangi quvvatlar bilan tanishdilar.