Xitoyda qatʼiy karantin bekor qilingandan soʻng COVID-19 dan qariyb 60 ming kishi vafot etdi

    Koronavirusning ilk oʻchogʻi boʻlgan Xitoy uch yildan soʻng yana murakkab epidemiologik vaziyat bilan toʻqnash keldi.

    Oʻtgan yil dekabrdan buyon bu yerda qatʼiy karantin cheklovlari bekor qilingach, SOVID-19 shiddat bilan tarqala boshladi. Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi vakili Szyao Yaxuyning Pekinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilishicha, 2022-yil 8-dekabrdan joriy yil 12-yanvargacha mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq qariyb 60 mingta oʻlim holati qayd etildi.

    Avvalroq Xitoy hukumati mazkur xastalikdan oʻlim koʻrsatkichlari statistikasiga faqat virusli pnevmoniyadan kelib chiqqan nafas yetishmovchiligi qurbonlarini kiritayotgan edi. Yuqorida keltirilgan raqam esa bir paytning oʻzida yondosh kasalliklardan ham aziyat chekkan va SOVID-19 asoratlari tufayli vafot etgan bemorlarni ham qamrab oladi.

    Kuni kecha Jahon sogʻliqni saqlash vaziri Tedros Gebreyesus Xitoy sogʻliqni saqlash vaziri bilan muloqotda real epidemiologik holatni muhokama qildi va ayni paytda shifoxonada davolanayotgan, jumladan, shoshilinch tibbiy yordam va intensiv terapiyaga muhtoj bemorlar soni toʻgʻrisida maʼlumot oldi. "Ayni paytda mazkur koʻrsatkichlar JSST tomonidan tahlil qilinmoqda. Uning natijalari Xitoydagi epidemiologik vaziyat hamda koronavirus yangi toʻlqini taʼsirini yaxshiroq tushunish imkonini beradi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

    Eslatib oʻtamiz, hozirgi paytda dunyoda “omikron” shtammining yuquvchanlik darajasi yuqori boʻlgan “kraken” nomli XBB.1.5 subvarianti keng tarqalyapti. Shu bois mutaxassislar, aholiga xastalikka qarshi buster dozada emlanishni tavsiya qilmoqda.