Vatandoshlarimizni Ikkinchi jaxon urushi jang maydonlarida va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasoratini esga olish maqsadida O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi “O'zarxiv” agentligi va Davlat tarix muzey bilan hamkorlikda  “Xotira sahifalari” mavzusida noyob arxiv fotolarining ko'rgazmasi tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi arxivlarida saqlanayotgan, ko'p millatli O'zbekiston xalqi vakillarining front va front ortida ko'rsatgan jasorati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, yoshlarda Vatanga muhabbat va g'urur tuyg'usini uyg'otish, fashizmga qarshi janglarda fidoyilik ko'rsatgan faxriylarga alohida e'tibor qaratish tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsaddir.  

Shu o'rinda aytish joizki, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Piskaryovskoe memorial`noe kladbiщe” qabristonining o'zidagina Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan 7 ming nafar atrofida o'zbek jangchilarining qabri mavjud. Bu — ona diyorimiz farzandlarining ushbu urushda kanchalik faol katnashgani va elu-yurt himoyasi uchun jonlarini fido qilishga tayyor ekanligidan dalolatdir. 

Mazkur tadbirda O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov, “O'zarxiv” agentligi direktori Ulug'bek Yusupov va O'zbekiston Davlat tarix muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat  Ismoilova so'zga chiqdi.

Ko'rgazma doirasida millatlararo bag'rikenglik, totuvlik va do'stona munosabatlarni yuksaltirish, davlat arxivlari bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, o'zbek xalqinining qadimiy tarixi, boy  madaniyati, milliy va an'naviy qadriyatlarini SHHTga a'zo mamlakatlarda keng targ'ib etish maqsadida O'zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi va O'zbekiston Respublikasi “O'zarxiv” agentligi hamda O'zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat tarix muzeyi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandum imzolandi.  

O'zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi

markazining axborot xizmati