Toshkent viloyati hokimligi ko'magi bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Zuhra Mirg'oziyeva, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi rahbari, O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, “Guliston” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, shoir Botir Ergashev, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi rahbari Rahmatilla Sheraliyev hamda keng jamoatchilik vakillari – ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, mahalla faollari, nuroniylar, davlat va nodavlat tashkilotlar mas'ullari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar “Yangi O'zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasi yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning hayotiy ifodasi sifatida tashkil etilganini alohida e'tirof etib, o'tgan qisqa davr mobaynida u katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar samaradorligiga munosib hissa qo'shib kelayotganini qayd etdi.
Ta'kidlanganidek, har ikki nashr bugun o'z sahifalarida zamonaviy tendensiyalardan unumli foydalanib kelmoqda. Jumladan, transformatsiya jarayoniga, tahririyatda mediakonvergensiyani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. “Yangi O'zbekiston” gazetasining deyarli har bir sonida “matn+foto+QR kod” formatdagi maqolalarni o'qish, shuningdek, video orqali ko'rish mumkin.
“Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z nufuziga ega. Bugungi kunda tahririyatning www.yuz.uz rasmiy sayti, telegram, feysbuk, instagram kabi virtual sahifalari faol va ko'p sonli o'quvchilarni qamrab olgan.
Axborotlar, maqolalar, videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Facebook, Instagram, Telegram, Yandex va Google platformalarida ham faol berilishi bugun “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” nashrlari hamda veb-saytining mamlakat va jahon axborot maydonida nufuzi mustahkamlanishiga asos bo'lmoqda.
Tadbirda nuroniylar hamda yoshlar so'zga chiqib, mazkur gazetalar borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Tadbir ishtirokchilariga tahririyatning esdalik sovg'alari topshirildi.