Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston vaksinaning hammuallifi sifatida eʼtirof etilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi kuni kecha respublikamizga bir million doza olib kelindi.

Yaqinda mamlakatimizga COVAC dasturi asosida GAVI tashkiloti tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozadan iborat dastlabki partiyasi yetib kelgandi.

Ushbu vaksinalar orqali aholini koronavirusga qarshi emlashga tayyor, deb aytish mumkin. Vaksinalar butun respublika boʻylab sovuqlik zanjiriga amal qilgan holda joylarga yetkazib berildi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha respublikadagi 12 ta viloyat markazlarida vaksina saqlash omborxonalarida yetkazib berilgan vaksinalar xavfsiz, sovuqlik zanjiriga rioya qilgan holda saqlanmoqda.

Vaksina oladigan kontingent 85 yoshdan kattalar, 75 yoshdan 85 yoshgacha boʻlgan qariyalar va 65 yoshdan 75 yoshgacha boʻlgan keksalar oʻrtasida birinchi navbatda emlash jarayonlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu kasallik bilan doimiy ravishda yuzma-yuz keladigan yoki boʻlmasa kasallikni oʻziga yuqtirib olish ehtimoli yuqori boʻlgan tibbiyot xodimlari emlanadi. Tibbiyot xodimlarini ham emlash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1-aprelidan barcha viloyat markazlari qolaversa shahar markazlarida tashkil etilgan emlash punktlarida 65 yoshdan yuqori boʻlgan shaxslar va ular bilan bir qatorda xavf osti guruhiga mansub boʻlgan tibbiyot xodimlari birinchi galda emlanadi.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash bilan shugʻullanadigan tibbiyot muassasalari xodimlari, tez tibbiy yordam tizimi xodimlari, shoshilinch tibbiy yordam tizimi xodimlari, yuqumli kasalliklari shifoxonasi xodimlari, koronavirusga laboratoriya taxlili bilan shugʻullanadigan laboratoriya xodimlari va birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati xodimlari birinchi navbatda bepul emlanishi koʻzda tutilgan.

Emlash bir paytning oʻzida COVAC dasturi orqali AstraZeneca vaksinasi va Xitoy bilan Oʻzbekiston hammuallifligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan boshlanadi. Bu yerda bir tartib amal qiladi. Demak, birinchi emlashni qaysi vaksina bilan olgan boʻlsa oʻsha shaxs ikkinchi emlashni aynan oʻsha turdagi vaksina olish bilan yakunlaydi, deb xabar beradi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati.