Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tartib Prezidentning 2025 yil 3 noyabrdagi PF–206-sonli farmoni asosida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Brifingda ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini proaktiv tayinlash tizimi ham ishga tushirilgan. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta axborot moduli ishlab chiqilib, 10 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilingan.
Natijada yilning dastlabki besh oyida 81 mingdan ortiq mehnatga layoqatsizlik varaqlari avtomatik tarzda ko‘rib chiqildi. Shundan 58 ming holat bo‘yicha qariyb 660 milliard so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqalari tayinlanib, to‘lab berildi.
Qayd etilishicha, xususiy sektorda mehnat qilayotgan ayollarga to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmi ham sezilarli oshdi. Bir nafar ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha nafaqa miqdori o‘tgan yilgi 2,6 million so‘mdan 14,8 million so‘mgacha ko‘tarilgan.
Yangi tartibga muvofiq:
- kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqani ish beruvchi to‘laydi;
- 6-kundan boshlab to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
- 6 oydan 8 yilgacha sug‘urta stajiga ega fuqarolarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi miqdorida nafaqa tayinlanadi;
- 8 yildan ortiq sug‘urta stajiga ega fuqarolarga esa o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, 18 yoshgacha to‘rt va undan ortiq farzandi bor oilalar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan oilalar uchun nafaqa miqdori qo‘shimcha 20 foizga oshiriladi.
Yangi tizim vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lash jarayonining shaffofligi, tezkorligi hamda ijtimoiy himoya samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.