2024-yil 1-iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan koʻp boʻlgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya qilinganda respublika byudjetidan tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

  • har bir besh sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligini taʼminlash;
  • har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadni mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash;
  • issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlar tomonidan issiqxona faoliyati boʻyicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60% ini tashkil etishi.

Davlat ulushiga ega tashkilotlarga qoʻshimcha talablar oʻrnatilmoqda 

Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Tadbirkorlarga  javobgarlik choralari boʻyicha moratoriy oʻrnatilmoqda

Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy oʻrnatilmoqda.

Poytaxtda davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etilmoqda

Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etiladi, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalarni berish elektron shaklda amalga oshiriladi.

 Toʻlov tashkilotlariga – yangi talablar

Toʻlov tizimi operatorining, elektron pullar tizimi operatorining yoki toʻlov tashkilotining ichki nazorat masʼul xodimi sifatida faqat ijro etuvchi (ijroiya) organ aʼzosi yoki rahbarning oʻrinbosari tayinlanishi mumkin.

Shuningdek, shubhali operatsiyalar mezonlari va alomatlari roʻyxati kengaytirilmoqda.

Xoʻjalik jamiyatlari haqida maʼlumotlar ochiqlanadi

Xoʻjalik jamiyatining filiallari, vakolatxonalari tashkil etilganligi va uning ustav fondi shakllantirilganligi hamda toʻlovga qobiliyatsizligi yuzasidan ish qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar YAIDXPda eʼlon qilinadi.

  Eksport qiluvchi hunarmandlarning harajatlari qoplab beriladi

Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari sifatida joʻnatish xarajatlarining 50 %, qoplab beriladi.

Yangi normativ-huquqiy hujjatlar JST qoidalariga muvofiq boʻladi

JST qoida va meʼyorlariga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi. 

Ekologiya sohasida jamoatchilik nazorati oʻrnatilmoqda

Ekologik huquqbuzarlikni aniqlash, tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish va Ekonazorat platformasiga kiritish, shuningdek samarali faoliyat uchun haq olishga qaratilgan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi.

Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan debitor qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sud organlariga daʼvo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.

Oilalarning ijtimoiy pasporti shakllantiriladi

 “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etiladi, ularning asosiy vazifalari quyidagicha:

  • har bir xonadon ahvolini oʻrganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga boʻlgan ehtiyojini aniqlash;
  • oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini oʻrganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish;
  • ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qoʻllagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish boʻyicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni masʼul vazirlik va idoralarga yuborish;
  • ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish.

 “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etiladi

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etiladi.

Sportchilarni qoʻllab-quvvatlash choralari

Sportchi identifikatsiya kartalari uchun toʻlovlar miqdori uch barobarga kamaytiriladi, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi taʼsis etilmoqda, uning miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravarini tashkil etadi. Ushbu stipendiya tayinlangan sportchilarga oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi.

Jismoniy shaxslar davlat obyektlarini auksionga chiqarish tashabbusi bilan chiqishlari  mumkin 

Jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi.

Yuridik shaxslarga elektr energiyasi va gaz yetkazib berish boʻyicha shartnomalar onlayn boʻladi

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar elektr va gaz taʼminoti korxonalarining dasturiy taʼminoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuziladi.

Sertifikatsiya sohasida oʻzgarishlar

Referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori boʻlgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.

Nikohdan oʻtuvchi  shaxslar molekulyar-genetik testdan oʻtishlari mumkin boʻladi

Nikohdan oʻtuvchi  shaxslar oʻz hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan oʻtkaziladi. Bunda, spinal mushak atrofiyasining gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslarning maʼlumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi.

Auksionga chiqariladigan avtoraqamlar soni oshadi 

Bir xil harf kombinatsiyasiga ega boʻlgan 680 juft davlat raqami belgilari auksionga qoʻyiladi.

Yangi advokatlik guvohnomalari beriladi

Advokatlik guvohnomalari maxsus QR-kod qoʻyilgan yangi namunada beriladi.

Kreditorlar huquqlarini himoyalash choralari koʻchaytirilmoqda

Undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” platformasida auksionga kreditorning va (yoki) qarzdorning buyurtmasi asosida qoʻyishga ruxsat etiladi.

Hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar boʻyicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda banklar oldidagi qarzni tasdiqlovchi dalolatnoma talab etilmaydi.