1-iyundan Xitoyga vizasiz kirish rejimi ishga tushadi

    Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024-yil 1-dekabr) kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi.

    Tashqi ishlar vazirligining maʼlum qmlishicha, koʻrsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025-yil 1-iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.

    Bitim Oʻzbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga oʻzaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.

    Bitimga muvofiq, Tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida boʻlish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq boʻlmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

    Bunda Tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va boʻlish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.

    Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak boʻlsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.

    Vizasiz rejim mehnat faoliyati, oʻqish va media faoliyati bilan shugʻullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    Maʼlumot uchun, koʻrsatilgan Bitim XXRning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.