Bu haqda «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo'llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida» qabul qilingan Prezident Farmonida to'liq ma'lumotlar bor.
Andijon viloyat turizm boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra viloyatda bugungi kunda 16ta mehmonxona (957 o'rin), 19 ta oilaviy mehmon uylari (188 o'rin), 30 ta mikroavtobuslar, 39 ta turoperatorlar, 3 ta gid-tarjimonlar tomonidan mahalliy va xorijiy fuqorolargasayyohlik xizmatlari ko'rsatib kelinmoqda.
2019 yil davomida horijiy va mahalliy turistlar uchun5 ta turizm axborot markazlari,21 tanamunaviy sanitariya-gigiena shoxobchalari,15 ta turistik ob'ektlarga olib boruvchi yo'l ko'rsatgich belgilari va 11 ta turizm ob'ektlarda Wi-Fi hududlari tashkil qilindi.
O'zbekiston - sayyohlik sohasida ulkan salohiyat va imkoniyatga ega mamlakat hisoblanadi. Ushbu sohani jadal rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko'paytirish, ichki va ekoturizmni salmog'ini kengaytirish borasida so'ngi yillarda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmonda fuqarolarga O'zbekistonga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar ro'yxatini belgilab olgan holda kirish turizmi bosqichma-bosqich qayta tiklanishi belgilangan.
Darxakikat, so'ngi yillarida mamlakatimizda turizm sanoatini, xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mazkur yo'nalish mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilangan. CHunki turizm sohasi yangi ish o'rinlari yaratish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishda muhim o'rin tutadi.
Turizmni, ayniqsa, ichki sayyohlik xizmatini rivojlantirish borasida Andijon viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmokda.
Viloyatdagi “O'lkashunoslik”, “Adabiyot va san'at” muzeylari, Andijon shahridagi Bog'i Bobur, Buloqboshi tumanidagi “SHirmonbuloq”, Xonoboddagi “Xontog'” dam olish maskanlari, Andijon shahridagi “Mirpo'stin ota”, Jalaquduq tumanidagi “Kutayba ibn Muslim”, Qo'rg'ontepa tumangidagi “Bibiseshanba”, Xonoboddagi “Fozilmonota”, Xo'jaobod tumanidagi “Imomota”, Baliqchi tumanidagi “Uch buloq”, “Tuzluqmomo”, Andijon tumanidagi “Mehmoni Valiy” ziyoratgohlari, Jalaquduq tumanidagi “Sarvontepa”, “CHordona” Buloqboshi tumanidagi “Toshtepa”, Marhamat tumanidagi “Mingtepa” kabi arxeologik yodgorliklari ayniqsa, sayyohatchilar bilan gavjum bo'ladigan maskanlardir.
Ana shu va boshqa dam olish maskanlari hamda ziyoratgohlarda sayyohlar va dam oluvchilarning ko'ngilli xordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Dam oluvchilarga xizmat ko'rsatish darajasi ham tobora ortib bormoqda.
Bundan tashqari, keyingi yillarda aksariyat ziyoratgoh va dam olish maskanlarida obodonlashtirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligini alohida qayd etish lozim. Masalan, “Xontog'” dam olish maskanidagi osma sim yo'li to'la rekonstruktsiya qilindi, Baliqchi tumanidagi “Uch buloq”, “Tuzluq momo”, Paxtaobod tumanidagi “Xovaskon ota”, Andijon shahridangi “Mirpo'stin ota” ziyoratgohlarida keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratchilar uchun zarur qullayliklar yaratildi. Bu esa ziyoratchilar sonini keskin ortishida muhim rol` o'ynamoqda. Qolaversa, ana shu joylarda yangi savdo, maishiy xizmat shoxobchalarining barpo etilishi bilan ko'plab yangi ish o'rinlari yaratilmoqda.
Andijonning qadim tarixidan so'zlaguvchi viloyat Adabiyot va san'at muzeyida tariximizga oid 20 mingdan ziyod bebaho osori-atiqalar, turli hujjatlar va qo'lyozmalar o'rin olgan.
Xususan, muzeyda 5 ta bo'lim mavjud bo'lib, uning “Jome'” me'moriy obidasida “Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy san'ati”, XIV asrga oid Xojar Noib (Ark ichi) madrasasi me'moriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davri”, “Qal'a” memoriy yodgorligida “Tasviriy san'at galereyasi”, shuningdek “Abdulhamid CHo'lpon va Oraziy yodgorlik muzeyi bo'limlari faoliyat yuritadi.
Andijonning ko'rki va faxriga aylangan Bog'i Bobur dam olish maskanida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi, bolalar uchun turli ko'ngilochar o'yinlar, yangi-yangi attraktsionlar o'rnatildi. Bu erda dam oluvchilarning ko'ngilli xordiq chiqarishlari uchun zarur barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan. Sayyohlar ushbu maskandagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida Z. M. Bobur hayoti va ijodi haqida ko'plab eksponat va ma'lumotlar bilan tanishishlari mumkin.
Viloyatda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, turistik ob'ektlar va ularga olib boruvchi yo'llarni ta'mirlash, yo'llar bo'yida joylashgan savdo, maishiy xizmat ko'rsatish ob'ektlari faoliyatini xalqaro andozalar darajasida tashkil etish borasida ham tegishli ishlar olib borilmoqda. SHuningdek, turizm sohasada faoliyat olib boruvchi etuk mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi o'nga yaqin maishiy xizmat kasb-hunar kollejlarida turizm, mehmonxona xizmatini tashkil etish yo'nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish va qishloq joylarda servis xizmatini yanada yaxshilash maqsadida qo'shimcha turistik yo'nalishlarni tashkil etish ko'zda tutilgan. Jumladan, Marhamat va Ulug'nor tumanlarida ekoturizm, Ulug'nor tumanidagi baliqchilik xo'jaligi hududida “Baliq ovi”, Jalaquduq tumanida “Termal suv”, Xo'jaobod va SHahrixon tumanlaridagi shifobaxsh qumlarda “Sog'lomlashtirish turizmi” yo'nalishlarini ochish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. SHuningdek, Marxamat tumanidagi bir necha ming yillik tarixdan so'zlaguvchi Sarvontepa, Mingtepa arxeologik yodgorliklari xorijiy ekspertlar ishtirokida tadqiq etimoqda.
Bugungi kunda viloyatning xar bir shaxar va tumanlarida turizmni, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish, xizmat ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish, sayohatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi sog'lom hayot tarzini rivojlantirishga ham ulkan hissa bo'lib qo'shiladi. O'z o'rnida belgilangan rejalar aynan ushbu Qarorda o'z aksini topganligi bilan ahamiyatlidir.
Xamidjon OMONOV
“Milliy tiklanish” partiyasi Andijon
viloyat Kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati