MIB Termiz shahar boʻlimi ish yurituviga qabul qilingan ijro hujjatiga koʻra, aksiz markasi mavjud boʻlmagan tamaki mahsulotlarini Oʻzbekiston hududiga noqonuniy olib kirilayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushlab qolgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudining ijro varaqasiga asosan mamlakatimizga gʻayriqonuniy olib kirishga urinilgan bu mahsulot ashyoviy dalil, deb topilib, 1 milliard soʻmlik 27 ming quti “ESSE CHANGE” nomli tamakini yoʻq qilish belgilangan.

Majburiy ijro byurosi Termiz shahar boʻlimi tomonidan ijro harakatlari tayinlanib, hamkor tashkilotlar ishtirokida aholi yashash manzilidan uzoqdagi maxsus chiqindi poligonida yoqib yuborish yoʻli bilan zararsizlantirildi. Shuningdek, mazkur sudning ijro hujjatiga asosan ashyoviy dalil sifatida olingan soxta ikki ming AQSH dollari kupyuralari xolislar ishtirokida yoʻq qilindi.