2020-yil 1-noyabrdan Soliq kodeksida nazarda tutilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:

a) yer soligʻi boʻyicha egallagan yer uchastkalari:

  • sogʻlomlashtirish hamda dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan boʻlsa;
  • aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan boʻlsa;
  • sanatoriy-kurort obyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan boʻlsa;

b) mol-mulk soligʻi boʻyicha sanatoriy-kurort xizmatlari koʻrsatish uchun foydalaniladigan koʻchmas mulk obyektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan boʻlsa.

Tegishli ravishda, 1-noyabrdan foydalanilmayotgan maydonlarga nisbatan yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash tartibi yuqorida sanab oʻtilgan yer uchastkalariga tatbiq etiladi. Foydalanilmayotgan sogʻlomlashtirish va rekreatsion yer maydonlari uchun oshirilgan soliq stavkalarini qoʻllash mexanizmi ikki oy muddatda ishlab chiqilishi lozim.

! Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 1-apreldan 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallangan inshootlariga, shu jumladan 1-aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, shuningdek koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha oshirilgan stavkalarni qoʻllash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini koʻrish tartibi toʻxtatilgan (3.04.2020-yildagi PF-5978-son Farmonning 4-bandi «v» kichik bandi). Subyekt koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan cheklovlar tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan holatda mazkur norma qoʻllaniladi.

Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort obyektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk soligʻi va yer soligʻining kamaytirilgan stavkalarini qoʻllash yoki ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etish vakolati berildi.

Byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi miqdori 50% va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ularning tarkibiy boʻlinmalariga tegishli boʻlgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bogʻliq idoraviy dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obyektlar (bolalar dam olish lagerlaridan tashqari) bosqichma-bosqich xususiy sektorga realizatsiya qilinadi:

  • Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-sentyabrga qadar Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan obyektlar boʻyicha takliflarini kiritishi lozim;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikaning boshqa hududlarida joylashgan obyektlar boʻyicha takliflarni kiritishi lozim.

Moliya vazirligi tomonidan 2021-yil uchun Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda respublikaning turistik zonalaridagi alohida yer uchastkalari, shu jumladan jismoniy shaxslar foydalanishida boʻlgan 1 gektardan ortiq yer uchastkalari uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer soligʻining 3 baravarigacha oshirilgan stavkasini belgilash imkoniyati nazarda tutilishi lozim.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 15.07.2020-yildan kuchga kirdi.

Oleg Zamanov.