Tibbiyot yoʻnalishidagi talabalarni ishga joylashtirish, haydovchilar uchun beriladigan tibbiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasini shakllantirish, “korobka” holatdagi uy-joylar uchun subsidiya ajratishga ruxsat berish — qonunchilikdagi shu va boshqa oʻzgartirishlar 1-noyabrdan kuchga kiradi.

Tibbiyot yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar ishga joylashtiriladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi hokimliklar bilan birgalikda shifokorlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlagan holda respublikaning barcha hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini koʻradi.

Oʻzbekistonda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishning yangi tartibi joriy etiladi

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi.

Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.

Koʻp kvartirali uylarning umumiy mulki hududida qoʻshimcha obyekt qurish taqiqlanadi

Qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan soʻng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qoʻshimcha koʻp kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk boʻlmagan obyekt qurish uchun oʻzgartirish kiritish taqiqlanadi.

Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi

Tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan BHMning 20 baravarigacha (6 mln soʻmgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan subsidiya ajratiladi.

Haydovchilar uchun beriladigan tibbiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi

Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasini shakllantiriladi va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Yoshlarga kompyuter sotib olish uchun isteʼmol krediti ajratiladi

IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln soʻmgacha) isteʼmol kreditlari ajratiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyati kengaytiriladi

Bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi.

“Korobka” holatdagi uy-joylar uchun subsidiya ajratishga ruxsat beriladi

Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga boʻlingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular boʻyicha va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlashga ruxsat beriladi.

Oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari kengaytiriladi

Yana 10 ta faoliyat turi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatga kiritiladi.

Nikoh tuzish uchun arizalarni DHM orqali qabul qilish eksperimenti oʻtkaziladi

Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkaziladi.