1-yanvardan mol-mulk soligʻi Toshkentda 3 million, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 million soʻm etib belgilanmoqda

    Mamlakatimizda 16 Dekabr 2023 1944

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

    Mazkur masala yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ahadbek Haydarov maʼruza qildi:

    – Ushbu qonun loyihasi bilan tadbirkorlik subyektlari manfaatidan kelib chiqib, ularga qulaylik yaratish maqsadida 2024-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari – qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad, yuridik shaxslarning mol-mulk, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliqlar oʻzgarishsiz qoldirilmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratish maqsadida kameral soliq tekshiruvida tadbirkordan hujjat talab qilish, bino va hududlariga kirish yoki uni idoraga chaqirish taqiqlanmoqda.

    Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati 5-yildan 3-yilgacha qisqartirilmoqda, foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmga oshirilmoqda.

    Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib aksiz soligʻi va resurs soliqlarini indeksatsiya qilish belgilanmoqda. Jumladan, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatayotgan xorijiy yakka tartibdagi tadbirkorlarni qoʻshilgan qiymat soligʻiga tortish, yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi bazasini aniqlashdagi 1 kvadrat uchun oʻrnatilgan minimal qiymat oʻrnatish tartibini jismoniy shaxslarning noturar obyektlari uchun ham qoʻllash amaliyoti joriy etiladi.

    2024-yil 1-apreldan boshlab tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va (yoki) hushboʻylashtiruvchi moddalar qoʻshimchalari boʻlgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 soʻm, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 soʻm miqdorida aksiz soligʻi joriy etilmoqda. 2024-yil 1-yanvardan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

    2024-yil 1-yanvardan mol-mulk soligʻi asosiy stavkasi, yaʼni 1,5 foiz saqlab qolingan holda soliq bazasini hisoblashda 1 kvadrat uchun oʻrnatilgan minimal qiymat Toshkent shahrida 3 million, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 million soʻm, boshqa shahar va qishloqlar uchun 1,2 million soʻm etib belgilanmoqda.

    Shuningdek, qonun loyihasi bilan resurs soliqlarining oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash maqsadida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti, uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma shaklida soliqni toʻlash toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tartibi kiritilmoqda. Maʼlumot uchun, amalda xabarnoma soliq toʻlovchilarga faqat imzo qoʻydirilgan holda yoki pochta orqali berilar edi.

    Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasida koʻzda tutilayotgan ayrim masalalar yuzasidan savol va eʼtirozlarini bildirdi. Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.