100 foizlik natija qayd etishimga ishonardim, sababi...

    Sevara Matniyozova Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasidan ustama olish uchun o‘tkaziladigan sinov jarayonlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 100 ballik natijani qo‘lga kiritgan o‘qituvchilardan.

    Tuproqqal’a tumanidagi 8-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisining yutug‘i maktab jamoasi uchun ham haqiqiy xushxabar bo‘ldi. Oliy toifali, bilimli, tajribali ustoz bu natijaga osonlikcha erishgani yo‘q. O‘z ustida tinimsiz ishlab, izlangan ustoz mehnatlari samarasini sinov jarayoning 1-bosqichidayoq namoyon eta oldi.

    — Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi laureati bo‘lish uchun bir necha kun yoki oy tayyorgarlik ko‘rib erishib bo‘lmaydi. 100 ballik natijaga yillar davomida o‘z ustimda ishlashim, bilimlarimni muntazam ravishda yangilab borishim orqali erishdim. Bu muvaffaqiyatga erishishimda har yili 5-11 sinf darsliklarini qayta-qayta o‘qib- o‘rganishim asosiy sabab bo‘ldi. O‘rganish jarayonida yangilariga kiritilgan mavzularni diqqat bilan o‘zlashtirdim. Birinchi bosqich sinovlarida aynan o‘rganganlarim asosida javob berdim. To‘g‘ri avvaliga, nomzodlar belgilangan darajadan past ko‘rsatkich qayd etsa, keyingi bosqichga o‘ta olmaydi, degan xavotir ham yo‘q emasdi. Lekin sinovlarda yuqori natijani qo‘lga kiritaman, degan ishonch meni hech ham tark etmadi va bilimlarim bilan yuksak natijaga erishdim! — deydi Xalq ta’limi a’lochisi Sevara Matniyozova.

    Doimiy o‘z ustida ishlovchi tajribali pedagog Sevara Matniyozova 2017 yilda 1-toifaga, 2019 yilda esa navbatdan tashqari oliy toifaga ega bo‘lgan. O‘quvchilariga puxta bilim berish maqsadida tizimdagi yangiliklarni, darsliklardagi murakkab mavzularni o‘rgatib borishi nafaqat o‘ziga, balki shogirdlariga ham ko‘p martalar omad olib kelgan. Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari hamda turli ko‘rik-tanlovlarining Respublika bosqichida 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan o‘quvchilari Sevara Matniyozovaning faxri hisoblanadi.