2023 yilning may oyida Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari bo'lib ishlovchi fuqaro Q.M. Yangiobod tumani hokimining v.b. o'rinbosari bo'lgan Q.R. bilan oldindan o'zaro jinoiy til biriktirib, “Angren Mashal Servis” MCHj rahbari U.T.ga O'zbekiston Prezidentining tegishli qaroriga asosan, shamol elektr stantsiyalari qurish uchun 200 gektar qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlarning er toifasini sanoat zonasiga o'tkazib, ushbu er maydonlarini unga olib berishni va'da qiladilar.

Shu bilan birgalikda, tadbirkorni kelgusida ushbu er maydoniga investitsiya kiritib, shamol elektr stantsiyalarini qurishi va kelgusida investor topib, yaxshigina daromad olishi mumkinligini aytib, ishonchiga kiradi.

2023 yil 8 iyun  kuni Q.M. va Q.R. tadbirkor U.T.ning to'liq ishonchiga kirish maqsadida Q.R.ning qo'l ostidagi xodimlar orqali shamol elektr stantsiyalari qurish uchun ajratilishi lozim bo'lgan 200 gektar er maydonini ko'rsatadi va YAngiobod tumani hamda Jizzax viloyat hokimligidagi tanishlarini ishga solib, auktsion savdo orqali ushbu er maydonini U.T.ga olib berishlarini aytadi. evaziga esa undan 200.000 AQSH dollarini talab qiladi.

2023 yilning 18 iyun kuni Q.M. kelishilgan summaning yarmi, ya'ni 100.000 AQSH dollarini Jizzax shahrida joylashgan restoranlarning birida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanadi. Shuningdek, jinoyatni to'liq fosh etish maqsadida, dastlabki ko'rsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida mas'ul lavozimda ishlovchi tanishi ham qo'lga olinadi va shu tariqa sheriklarning qing'ir rejasi oxiriga etmay qoladi. 

Jinoyat ishlari bo'yicha Yangiobod tuman sudi ushbu “uddaburonlar”ning qilmishlari bo'yicha hukm e'lon qildi.

Sud, mazkur jinoyat ishini mazmunan ko'rib chiqib, Q. M.ga (JKning 25,168 moddasi 4-qismi, 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 57, 59,61-moddalariga asosan) bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132.000.000 so'm) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosi, Q.R.ga esa (JKning 25,168 moddasi 4-qismi, 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 45, 59,61-moddalariga asosan, 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona-muassasalardagi mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda) bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132.000.000 so'm) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosini tayinladi.

Aldov va firib yo'li bilan topilgan boylik Q.M. va Q.R.ga buyurmadi, ular ozmi-ko'pmi el-yurt oldida topgan-obro'sini tushirib, hayotlarining muayyan qismini oilasi va farzandlaridan uzoqda, panjara ostida o'taydigan bo'ldi.

B.Mamadaminov,

Jinoyat ishlari bo'yicha YAngiobod tuman sudi raisi