100 nafar ekspert Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 ta muhim islohotini aniqlab berdi

    Mamlakatimizda 24 Iyul 2021 3914

    Oʻzbekistonda 2017—2021-yillar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar yangi davrni boshlab berdi. Jadal oʻzgarishlar barcha sohalarni, jumladan davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, tashqi siyosatni qamrab oldi.

    “Yuksalish» umummilliy harakati soʻnggi besh yilda mamlakat hayotida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlgan, eng samarali tashabbus hamda islohotlarni aniqlash uchun navbatdagi ekspertlik soʻrovini oʻtkazdi.

    Maʼlumot uchun: Ekspertlik soʻrovi har ikki yilda yetakchi siyosatchilar, iqtisodchilar, olimlar, jurnalistlar, huquq himoyachilari va boshqa jamoat faollaridan iborat 100 nafar mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida oʻtkaziladi. Ular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan eng muhim tashabbus va islohotlar roʻyxatini tuzadi va ovoz berish yoʻli bilan tarixiy ahamiyatga ega asosiy islohotlarni aniqlaydi. 2019-yilda oʻtkazilgan ekspertlik soʻrovida davlat rahbarining 10 ta eng muhim tashabbusi ovoz berish orqali aniqlab olingan edi.

    Joriy yilgi global soʻrov natijalariga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga molik 15 ta muhim islohoti shakllantirildi. Ekspertlar fikricha, Oʻzbekiston yetakchisining eng muhim islohoti bu — Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining oʻrnatilgani, chegaralar ochilgani va nazorat punktlari tashkil etilgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgani (96 ta ovoz).

    Islohotlar roʻyxatining keyingi oʻrinlaridan quyidagilar joy oldi:

    2.Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilishi
    3.Davlat xizmatlari tizimining rivojlantirilishi, Davlat xizmatlari markazlarining ishga tushirilishi, ortiqcha byurokratiyaga barham berilishi
    4.Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz rejim, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejimi joriy etilishi
    5.Inson huquqlari kafolatlarining kuchaytirilishi, majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatining tugatilishi
    6.Aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi boʻyicha yangi tizimning joriy etilishi
    7. Media muhitning kengaytirilishi: OAVlarning jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlar qabul qilinishidagi rolining oshirilishi
    8. Gender siyosatini yangi bosqichga olib chiqilganligi, xususan Respublika Gender komissiyasining tashkil etilishi
    9.Oliy taʼlim tizimining rivojlantirilishi: universitetlarga qabul kvotalarining oshirilishi, milliy va xorijiy OTMlar filiallarining ochilishi
    10. Tadbirkorlik muhiti yaxshilanishi, xususan biznesni roʻyxatdan oʻtkazish va uni yuritish boʻyicha jarayonlar soddalashtirilishi
    11. Kambagʻallikni rasmiy darajada tan olinganligi va uni qisqartirish boʻyicha kompleks yondashuv shakllanishi
    12. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va institutsional oʻzgarishlarning amalga oshirilishi
    13. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilishi
    14. Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri 15 yil davomida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibining joriy etilishi
    15. Orol dengizining suvi qurigan tubida oʻrmon barpo qilinishi. BMT qoshida Orol dengizi mintaqasida Inson xavfsizligi boʻyicha Trast fondining ishga tushirilishi, BMT Bosh assambleyasi Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi

    Global soʻrovda taniqli xorijiy ekspertlar, jumladan, Fransiya tashqi siyosat markazi prezidenti Fabyen Baussart, Xolon texnologiya universiteti prezidenti Eduard Yakubov, Vaseda universitetining Markaziy Osiyo boʻyicha bosh tadqiqotchisi Naoki Nixey, Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Sanat Kushkumbayev, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne, Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi mintaqaviy direktori oʻrinbosari Erik Xonts, “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova, “The Guardian”, “The Economist”, “Independent Newspaper” nashrlari muxbiri Joanna Lillis, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever, London va Dubayning “Diplomat Business Club” ishbilarmonlik klubi raisi Mansur Malik va boshqa qator mamlakatlarning davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati