Taʼkidlanganidek, Qonunning asosiy maqsadi 2021-yilda qabul qilingan dasturlar va qarorlardagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash va ularning moliyalashtirish manbalarini aniqlashdan iborat.

Qonun bilan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari prognozi hamda xarajatlari, shuningdek, respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari oshirilmoqda.

Shu maqsadda “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”da shakllangan miqdori 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan hamda kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tumanlarga (shaharlarga) respublika byudjetidan qoʻshimcha 117 mlrd 400 mln soʻm mablagʻ ajratilmoqda.

Muhim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga qoʻshimcha 300 mlrd soʻm mablagʻ ajratilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, shu jumladan, infratuzilma obyektlarini qurish, mukammal taʼmirlash va jihozlash uchun qoʻshimcha 200 mlrd soʻm mablagʻ ajratilmoqda.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmaga qoʻshimcha 50 mlrd soʻm transfertlar yoʻnaltirilmoqda.

Qonunning maʼqullanishi respublika byudjetidan mablagʻ ajratish, mahalliy byudjetlardan ushbu maqsadlarga sarflanishi nazarda tutilgan mablagʻlarni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yoʻnaltirish imkonini yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati