1000 soʻmlik tanga koʻrinishida pul belgilari muomalaga chiqariladi

    Moliya 22 Dekabr 2022 3144

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2022-yilning 26-dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 soʻm boʻlgan tanga koʻrinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini maʼlum qiladi.

    Bu haqda Markaziy bank Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, nominal qiymati 1000 soʻm boʻlgan tanga koʻrinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat boʻlib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

    Tanga diametri – 26,27 mm., ichki disk diametri – 17,6 mm., qalinligi – 1,6 mm., ogʻirligi – 7,3 gr.

    Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan.

    Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati “1000” raqami va lotin bosma harflarida “soʻm” soʻzi yozilgan.

    Tanga orqa tomoni (revers) markazida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi boʻylab bosma lotin harflarida aylanasimon koʻrinishda “OʻZBEKISTON MARKAZIY BANKI” soʻzlari yozilgan.

    Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – “2022” raqami koʻrsatilgan.

    Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki shuni alohida qayd etadiki:

    • muomalaga chiqarilayotgan 1000 soʻmlik tanga koʻrinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada boʻlgan 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada boʻladi;
    • yaʼni, 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar ham toʻlov qobiliyatini yoʻqotmaydi;
    • shuningdek, yangi koʻrinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.